Prezident Istanbulga keldi

    Hukumat 11 Noyabr 2021 5414

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun Istanbul shahriga keldi.

    Oliy martabali mehmonni Istanbul shahri hokimi Ali Yerlikaya va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

    O‘zbekiston chuqur o‘ylangan, har tomonlama muvozanatli, avvalo xalqimiz uchun manfaatli tashqi siyosat yuritmoqda. Barcha sherik davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda.

    Ulardan biri – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi. Bu tashkilot 2009-yilda tuzilgan. Mamlakatimiz unga 2019-yilda qo‘shilgan. Kengashning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

    O‘xshash til va bir din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan bu tashkilot mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda. O‘zbekistonning qo‘shilgani uning qamrovini ham, salohiyatini ham oshirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari ko‘p tomonlama hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitdi. Qisqa davrda davlatimiz rahbari tomonidan 20 dan ortiq takliflar ilgari surildi va amalga oshirildi.

    Xususan, 2019-yil oktabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi o‘tkazildi. 2020-yilda Xiva shahriga “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomi berildi. Yosh tadbirkorlar forumi ta’sisi etilib, shu yil sentyabrda Toshkentda uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Shuningdek, Kengashga a’zo mamlakatlarning yoshlar va sport masalalariga mas’ul vazirlari majlisi ham bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Prezidenti doim alohida e’tibor qaratib kelayotgan transport va bojxona sohasida tartib-taomillar raqamlashtirilmoqda. Masalan, mamlakatimizda Turkiya va Qozog‘iston bilan boshlang‘ich loyihalar ishga tushirildi. Toshkent, Andijon va Termizdagi logistika markazlarimiz Turkiy Kengash doirasidagi “birodar portlar” tizimiga qo‘shildi.

    Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi bo‘yicha bildirgan takliflar ham dolzarbligini ko‘rsatdi. Kengashga a’zo mamlakatlar doirasida ushbu kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzildi. Epidemiologik vaziyatni kuzatish, tahlil qilish va prognozlashtirish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan tizim yo‘lga qo‘yildi.

    Shavkat Mirziyoyev sherik davlatlar miqyosida turizmni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu sohadagi tashabbuslar ham amalga oshmoqda. Joriy yil iyunda Qo‘qon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘qon turkiy dunyoning ilk turizm poytaxti, deb e’lon qilindi. Mamlakatlarimizdagi muqaddas qadamjolar bo‘ylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

    Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso al-Xorazmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazildi.

    Barcha turkiy xalqlar uchun ardoqli bo‘lgan shoir – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilishi Prezidentimizning yana bir xayrli tashabbusi bo‘ldi. Bu mukofot bilan turkiy davlatlarda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi.

    O‘zbekiston Prezidenti bu galgi sammitda ham muhim tashabbuslarni bildirishi kutilmoqda.

    Sammitning asosiy tadbirlari 12-noyabrga mo‘ljallangan. Davlatimiz rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.