Oldinlari Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari aholi jon boshiga eng past bo‘lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznesga qulaylik kengaytirildi. Hozir bu yerda ko‘p turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022-yil oktabrda “Iruskon” qandolat korxonasi ham qo‘shildi.
Davlatimiz rahbari uning ish jarayonini, mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida “Deya” brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlangan. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germaniya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida yana 550 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.
Iqtisodiy zonadagi yana bir korxona - “Master Building Products” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 3 million dona quvur va fiting mahsulotlari, qurilish materiallari tayyorlanadi. 600 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
“Global Optical Communication” O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Bu yerda yiliga 85 ming kilometrlik optik tolali kabel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 115 kishi mehnat qilmoqda.
Prezidentimiz korxonalarda mahalliylashtirish darajasini oshirib, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yana 14 loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.