Bu hudud rivojlangan industriyasi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida katta oʻrin tutadi. Iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlar tufayli soʻnggi yillarda yangi korxonalar koʻpayib bormoqda.
Davlatimiz rahbari Navoiy shahridagi “Uzbekistan hydrogen peroxide” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Viloyatdagi korxonalarga vodorod peroksidi doim zarur. Umuman, yurtimiz sanoat tarmoqlarida bu kimyoviy birikmaga yillik talab oʻrtacha 15 ming tonnadan ziyod. Joriy yilda oʻz faoliyatini boshlagan “Uzbekistan hydrogen peroxide” qoʻshma korxonasida shunday talabgir mahsulot ishlab chiqariladi.
Qiymati qariyb 30 million dollar boʻlgan loyiha doirasida zavod qurilib, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Germaniya, Italiya va Shvetsiyadan zamonaviy uskunalar keltirilib oʻrnatildi. 80 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlandi. Korxona yiliga 30 ming tonna vodorod peroksidi ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Bu birikmadan kimyo, metallurgiya, elektr texnikasi, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi kabi oʻnga yaqin tarmoqda foydalaniladi. Jumladan, qogʻoz, maishiy va kimyoviy vositalar ishlab chiqarish, uran va kobalt mahsulotlari qazib olishda faol qoʻllaniladi. Qadoqlarni tozalovchi, sunʼiy va sintetik tolalarni oqartiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.
Asosiysi, iqtisodiy samaradorlik yuqori. Bu yerda tabiiy gaz chuqur qayta ishlanib, bozorbop mahsulotga aylantiriladi. Misol uchun, 60 foizli vodorod peroksidi tibbiyotda uch barobar, maishiy kimyo vositalarida ikki barobar qoʻshilgan qiymat yaratadi.
Korxona laboratoriyasiga ham eng soʻnggi rusumdagi jihozlar oʻrnatilgan. Unda har soatda tahlil oʻtkaziladi. Bu mahsulot sifatini doimiy nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi, mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
- Har bir loyihadan maqsad — yuqori daromad, qoʻshilgan qiymat. Bu korxona shu jihatdan maʼqul. Endi ishlab chiqarish barqarorligi, xaridorlar ishonchi uchun buni kafolatlangan xomashyo bilan taʼminlash kerak. Mahalliylashtirish dasturi asosida qulay shartlarda kredit ajratish ham mumkin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu korxona misolida shunday loyihalarni koʻpaytirish, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Vodorod peroksidi shu paytgacha Oʻzbekistonga katta xarajatlar bilan faqat chet eldan olib kelinar edi. Endi esa mahalliy mahsulot ichki ehtiyojni toʻliq qoplab, import oʻrnini toʻldiradi. Shu bilan birga, yaqin minataqada bunday korxona yoʻq.
Shu bois mahsulot MDH va Yevropa mamlakatlariga ham yetkazib berilmoqda. Qisqa vaqtda qariyb 1,5 million dollarlik eksport qilingan. Korxonaning yillik eksport salohiyati 10 million dollar.
Bu suyuq kimyoviy mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish uchun shu yerning oʻzida plastik quyma idishlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Korxonani muqobil energiya bilan taʼminlash maqsadida quvvati 27 kilovatt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilgan.
Yana bir eʼtiborli jihati, ilgari mamlakatimiz kimyo sohasida xususiy sektor boʻlmagan. Bu korxona soʻnggi yillarda sohaga kirib kelgan tadbirkorlik subyektlaridan biri.
Shu yerda korxona faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan loyihalar haqida ham maʼlumot berildi.
Xususan, Turkiyaning “Orbak Metal Industry” kompaniyasi bilan gidrogen peroksidi ishlab chiqarish quvvatini 45 ming tonnaga oshirish, shuningdek, tutash hududda oziq-ovqat sanoati loyihasini tashkil etish rejalashtirilgan.