Prezident klaster mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi

    Hukumat 12 Oktabr 2021 5610

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Merganteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatini borib ko‘rdi.

    Davlatimiz rahbari 2017-yilda ushbu korxona negizida paxta-to‘qimachilik klasteri tuzish loyihasi bilan tanishgan edi. Shundan so‘ng uning faoliyatida tub burilish bo‘ldi. 2018-2020-yillarda 22 million dollardan ziyod investitsiya jalb qilinib, Germaniya, Yaponiya, AQSh, Belgiya va Shveysariyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi.

    Bugun korxona paxta xomashyosiga birlamchi ishlov berishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan ulkan klasterga aylandi. Bu yerda 880 kishi ishlamoqda. Klaster yiliga 30 ming tonna paxta xomashyosini qayta ishlash quvvatiga ega. O‘tgan yili bu yerda jami 240 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 6 million dollarlikdan ziyod eksport qilingan.

    - Bu katta ishlarning birinchi natijalari. Lekin korxonadagi bosqichlar hali oxirgisi emas. Endi keyingi bosqichlarni o‘zlashtirib, innovatsion texnologiyalarni joriy etib, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirishga harakat qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Kelgusi yili klasterda tabiiy va kimyoviy toladan tayyor kiyimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Qiymati 25 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha natijasida eksport hajmi 30 million dollarga yetishi, qo‘shimcha mingta ish o‘rni ochilishi mo‘ljallangan.

    Davlatimiz rahbariga paxta yetishtirishda qo‘llanilayotgan innovatsion usullar haqida ma’lumot berildi. Klaster tomonidan 1 ming 200 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish joriy etilgan. Natijada suv sarfi kamayib, yerning unumdorligi oshgan. Ayrim fermer xo‘jaliklari paxtadan 70 sentnergacha hosil olgan. Bir tup g‘o‘zada 190 tagacha ko‘sak bo‘lgan.

    Shavkat Mirziyoyev bunday samarali ishlarni davom ettirish, fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, jumladan, xorij tajribasi asosida mahalliy tomchilatib sug‘orish texnologiyasi ishlab chiqarish zarurligini ta’kidladi.