Prezident mahalladagi o‘zgarishlarni ko‘zdan kechirdi

    Hukumat 25 Iyun 2021 7462

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanidagi Saxovat mahallasi hayoti bilan tanishdi.

    Mahalla hududi 18 gektar bo‘lib, 2016-yilda tashkil etilgan. 41 ta ko‘p qavatli uyda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda bitta maktab va ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi bor.

    Ilgari bu mahalla e’tibordan chetda qolgan edi. Joriy yilda “Obod mahalla” dasturi doirasida hudud to‘liq obodonlashtirilib, yangidan chiroy ochdi. Mahalla guzari, Saxovat bog‘i, savdo do‘konlari barpo etildi. Yo‘laklar tartibga keltirilib, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh tashkil qilindi.

    Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

    Mahalladagi ijtimoiy muammolar manzilli hal etilmoqda. Masalan, turar joyga muhtojlarga uy va subsidiyalar berildi. Ishsiz ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida qiymati 5 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, mebelsozlik majmuasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari mahalla do‘konini ham kirib ko‘rdi.

    Mahalla ahli bilan suhbatda bugungi o‘zgarishlar, tinchlik-osoyishtalikning qadri haqida muloqot bo‘ldi.

    - Sergelida ko‘plab uy-joylar qurdik, yangi-yangi korxonalar kirib kelayapti. Bu o‘zgarishlar odamlar hayotida sezilishi muhim. Endi tumandagi har bir mahalla shunday obod bo‘lishi kerak. Aholi bu yerda sayr qilib, piyoda yurib, sog‘lig‘ini mustahkamlab, hayotdan rozi bo‘lib yashasa, maqsadimiz shu. Sizlarning baxtingiz - mening baxtim, - dedi Prezident.

    Joriy yilda “Obod mahalla” dasturiga ko‘ra Toshkent shahriga 1 trillion 300 milliard so‘m ajratilgan. Buning evaziga mahallalarda 937 kilometr ichimlik va oqova suv, gaz, elektr tarmoqlari, 545 kilometr ichki yo‘llarda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.