Prezident maktabi oʻquvchilari Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotni qoʻlga kiritdi

    Davlatimiz rahbari maktab vakillari bilan uchrashib, ularni gʻalaba bilan qizgʻin tabrikladi.

    Birlashgan Arab Amirliklarida “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammiti boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida Zayd Barqarorlik Mukofoti (Zayed Sustainability Prize) ham topshirildi.

    Mazkur mukofot ekologik barqarorlik va inson farovonligiga xizmat qiluvchi innovatsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan boʻlib, 2008-yilda BAA asoschisi Shayx Zayd bin Sulton al-Nahayyon merosini davom ettirish maqsadida taʼsis etilgan.

    Eʼtiborlisi, Toshkent shahridagi Prezident maktabi barqaror rivojlanish boʻyicha Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotning «Global oʻrta maktablar« nominatsiyasida gʻolib deb topildi.

    Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon topshirdi.

    Abu-Dabidagi taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari maktab vakillari bilan uchrashib, ularni gʻalaba bilan qizgʻin tabrikladi.

    Maʼlumot oʻrnida: ushbu mukofot sogʻliqni saqlash, taʼlim, energiya, suv va global maktablar kabi 5 yoʻnalishda beriladi. Har bir yoʻnalishda gʻoliblar barqarorlik loyihalari uchun moliyaviy yordam oladi.

    Jami fond — 3 million dollar. Mukofot millionlab odamlarning hayotini oʻzgartirib, ijobiy taʼsir koʻrsatgan.

    Bu yil mukofotga 156 davlatdan 5980 ta loyiha arizasi kelib tushgan. Gʻolib jamoa 150 ming AQSH dollari grant oladi.