Prezident maktablari — ta'lim tizimida yangi tuzilma

    Mamlakat taraqqiyoti ko'p jihatdan iste'dodli bolalarni tanlash, ularga to'g'ri yo'nalish berish, qobiliyatini o'stirish, intellektual salohiyatini namoyon etishga ko'mak bera oladigan ta'lim tizimini yaratishga bog'liq.

    Prezidentimiz 2018-yil Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida “Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa qilib qoʻygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak”, degan edi. Ana shunday ezgu niyat va maqsadlar natijasi oʻlaroq davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Bu maktablarni soha mutaxassislari va ekspertlar mamlakat taʼlim tizimi lokomativiga qiyos qilishmoqda.

    Davlatimiz rahbari 2019-yil 20-fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — iqtidorli bolalarni aniqlash, taʼlim jarayoniga ilgʻor texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish, ularni oʻqitish va tarbiyalashda yaxlit tizim yaratish, isteʼdodli yoshlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishdan iborat.

    Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufida ayni paytda 16 ta maktab faoliyat yurityapti. Bundan toʻrttasi Prezident, 9 tasi ijod, uchtasi ixtisoslashtirilgan maktablardir.

    Prezident maktablari bugungi kunda Toshkent shahri, Nukus, Namangan va Xivada faoliyat olib bormoqda. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab yana 10 ta viloyatda Prezident maktabi ochilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yilda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro maktab tashkil etilishi kutilyapti.

    Har bir Prezident maktabini bu yil ilk bor 24, jami 96 nafar oʻquvchi bitirib chiqadi. Ularning 86 nafari xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun taklif olgan. Prezident maktablarida ayni paytda jami 569 nafar oʻquvchi tahsil olyapti.

    Kembrij universitetidan 4 ming 245 dona darslik va qoʻllanmalar olib kelindi

    Toshkent shahridagi Prezident maktabi 2019-yilda tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari mazkur taʼlim muassasiga tashrifi chogʻida bu yerda taʼlim olayotgan yoshlarga katta ishonch bildirib, Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga jumladan shunday soʻzlarni yozib qoldirdi:

    “Bugungi kunda yurtimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga, butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylanmoqda.

    Yangi Oʻzbekistonimizni yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtarishdek ezgu niyatimizga yangicha va mustaqil fikrlaydigan, oʻz Vatanini jonidan ortiq sevadigan, uning yorugʻ kelajagi uchun sadoqat bilan xizmat qiladigan, fidoyi yoshlarni tarbiyalash orqali erishamiz.

    Ana shunday salohiyatli va barkamol kadrlarni tayyorlash maqsadida respublikamizning har bir hududida mutlaqo zamonaviy shakldagi taʼlim muassasalari — Prezident maktablarini tashkil etdik.

    Men ishonaman, bu maskanlar jonajon Oʻzbekistonimizning ertangi taqdirini oʻz qoʻliga olishga, globallashuv davrida keskin bellashuv va raqobatlarda gʻolib boʻlishga qodir shaxslarni — yangi xorazmiylar, fargʻoniylar, beruniylar, ulugʻbeklarni tarbiyalab yetishtiradi.

    Poytaxtimiz Toshkent shahrida faoliyat boshlagan Prezident maktabi xalqimizning ulugʻvor va olijanob orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarishda barchaga namuna boʻlishiga tilakdoshman”.

    Ana shunday yuksak ishonch va ezgu tilak bilan oʻz faoliyatini boshlagan mazkur taʼlim muassasida bugun taʼlim oʻziga xos uslub va keng koʻlamda olib borilayotir. Xususan, maktabda oʻqitish sciense — tabiiy fanlar, tehnology — texnologiyalar, engineering — texnik ijodkorlik, art — canʼat va matehematics — matematika yoʻnalishiga chuqur ixtisoslashgan. Unda taʼlim xalqaro “STEAM — taʼlim” dasturi asosida olib borilmoqda. “STEAM–taʼlim” dasturi “Cambridge oʻquv dasturi” (informatika, matematika, fizika, kimyo, biologiya, science, ingliz tili) va “Mahalliy oʻquv dasturi” (ona tili va adabiyot, rus tili, tarix, tasviriy sanʼat, chizmachilik, jismoniy tarbiya va texnologiya)dan iborat.

    Bitta sinfda 12 nafar oʻquvchi oʻqiydi. Oʻquvchilar sonining kamligi ularning barcha fanlarni chuqur oʻzlashtirishiga imkon yaratadi. Xalqaro taʼlim dasturlari asosida oʻqitish, oʻz navbatida, innovatsion yangiliklar yaratishga yoʻl ochadi. Maktabda oʻquvchilarning ham akademik salohiyatini oʻstirish, ham ularning ijtimoiy faolligini oshirish, yetakchilik koʻnikmasi, notiqlik sanʼatini rivojlantirish, olingan bilimlarni amaliyotda qoʻllash malakasini oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish, hayotga qatʼiy ishonch va qarashlarini shakllantirishga eʼtibor qaratiladi. Xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda Cambridge universiteti tajribasi asosida “Computer Science”, “Coding Club”, “Environmental Club”, “Theatre Arts”, “Visual & Performing Arts”, “Science Olympiads Club” hamda “Robotics” nomli qoʻshimcha mashgʻulotlar olib boriladi. “Raqs”, “Drama”, “Musiqa” kabi ijodiy, “Shaxmat”, “Suzish”, “Stol tennisi” va “Futbol” sport toʻgaraklari tashkil etilgan.

    Ayniqsa Intel League” intellektual klubi, “Jurnalistika”, “Radio”, “School counselor”, “Book drive” loyihalari oʻz ichiga maktabning qariyb barcha oʻquvchilarini qamrab olgan. “Intel League” intellektual klubi oʻyinlarida nafaqat oʻquvchilar, balki oʻqituvchilar jamoasi ham ishtirok etadi.

    “Jurnalistika” loyihasi doirasida maktabda oʻquvchilar “Projestor” jurnalini tayyorlaydi va nashr etadi. “Radio” loyihasi vositasida oʻquvchilarga kundalik yangiliklar, foydali maslahatlar, umumiy fanlarga oid qiziqarli maʼlumot va savollar oʻqib eshittiriladi.

    “School conselor” loyihasi bitiruvchi oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy qilingan. Unda oʻquvchilarning qiziqishlariga qarab yuqori reytingga ega xorijiy universitet hamda grantlar haqida maʼlumotlar toʻplanib, bitiruvchilarga yetkaziladi. Xorijiy universitetlar talab etadigan hujjatlar, qabul jarayoni va ularga kirishda yaqindan yordam beradi.

    —Bir-biriga yaqin va oʻzaro uzviy bogʻliq fanlar integratsiyalashuvi natijasida ular soni optimallashtirildi, — dedi Toshkent shahridagi Prezident maktabi ijrochi direktori Toʻraboy Shermatov. — “Huquq va davlat asoslari”, “Dunyo dinlari tarixi” fanlari “Oʻzbekiston tarixi” va “Jahon tarixi” bilan, “Iqtisodiy bilim asoslari” fani “Geografiya” bilan, Cambridge oʻquv dasturidagi “Character Education” fani oʻzimizning “Tarbiya” fani bilan integratsiyalashdi. Sinflar kesimida oʻqitiladigan fanlarning 15 tadan 11taga kamayishi oʻquvchilarni ortiqcha yuklamadan xalos qildi, pirovardida, taʼlim sifati va samaradorligi oʻsdi.

    Angliyaning Kembridj universitetidan 4 ming 245 dona oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar olib kelindi va ular maktab kutubxonasini boyitdi. Oʻquvchilar kutubxonada infografika, chizma va vizual rasmlarga boy nufuzli Cambridge University Press, Oxford University Press Collins, Hodder kabi nashriyot kompaniyalari chop etgan yuqori sifatli kitob va qoʻllanmalardan foydalanishlari mumkin. Bu metodik qoʻllanmalar darsni chuqur va sifatli oʻtishiga xizmat qilmoqda.

    Kirish imtihonlari: shaffoflik qay darajada taʼminlangan?

    Prezident maktabiga kirish imtihonlarini shaffof va adolatli tashkil etish maqsadida Angliyadagi Cambridge Assessment kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi. Oʻquv materiallari ham ushbu tashkilot tomonidan tayyorlanadi. Imtihonlar matematika, axborotni tahlil qilish va ingliz tili fanlaridan 2 bosqichda olib boriladi.

    Beriladigan savollar, umuman, imtihon jarayonini Cambridge Assessment kompaniyasining oʻzi nazorat qiladi. Kirish imtihonlarini ota-onalar (online) kuzatib borishlari mumkin. Buning uchun ularga barcha sharoit yaratib beriladi. Imtihon natijalari Angliyada tekshiriladi va shu bois uni soxtalashtirib boʻlmaydi. Olingan natijalar Agentlik va Prezident maktabi veb-saytida eʼlon qilinadi.

    24 bitiruvchidan 21 nafari xalqaro grant sohibi boʻldi

    Prezident maktabi tashkil topgandan soʻng qisqa fursat ichida uning 50 nafardan ortiq oʻquvchilari dunyoning nufuzli olimpiadalarida ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Masalan, Muhammadrizo Majidov 2019-yil oktyabr oyida Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻtkazilgan SEAMO matematika fani olimpiadasida oltin medal, 1-dekabrda oʻtkazilgan “Bebras Singapure” xalqaro internet-olimpiadasida esa 3-oʻringa sazovor boʻldi. “Kavkaz olimpiadasi”da 2020-yilda 3-oʻrin, 2021-yilda 2-oʻringa loyiq topildi. Amerika Qoʻshma Shtatlarida onlayn tarzida oʻtkazilgan xalqaro olimpiadada Shamil Husnulin oltin medal, Odil Bozorboyev kumush medal bilan taqdirlandi.

    2020-yil 10-15-dekabr kunlari Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan III xalqaro integratsiyalashgan fan olimpiadasida ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi Doniyor Voisov bronza medalini qoʻlga kiritdi.

    Prezident maktabining 24 nafar bitiruvchisidan 21 nafari AQSH, Yaponiya, Latviya, Avstraliya va Buyuk Britaniyaning 100 ga yaqin oliy taʼlim muassasalariga qabul qilinib, 5 million 145 ming 800 AQSH dollari miqdoridagi grantlarni qoʻlga kiritdi.

    — Maktabda joriy etilgan fanlarni STEM oʻquv dasturi vositasida chuqur oʻrgandim, IELTS xalqaro til bilish testidan 7 ball, xalqaro SAT testidan esa 1 ming 170 ballni qoʻlga kiritdim, — dedi Prezident maktabi 11-sinf oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov. — Bugungi kunda 10 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining 894 ming 600 AQSH dollari miqdoridagi grantini qoʻlga kiritdim. Dunyo miqyosida 120-oʻrinda turadigan Buyuk Britaniyaning Lester davlat universiteti maʼmuriyati iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha oʻqish uchun taklif qildi. Shuningdek, AQSHning bir qator universitetlarida grant asosida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlganimdan xursandman.

    Aytganday, kelajakda AQSHning Sinsinnatti universitetida iqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha oʻqib, iqtisodchi boʻlishni niyat qilganman. Bunday yutuqlarga maktabda yaratilgan aʼlo shart-sharoit, kutubxonamizdagi badiiy va ilmiy kitoblarni muntazam oʻqish, darslardan keyingi mashgʻulotlar hamda STEAM oʻquv dasturi boʻyicha mahalliy va xorijiy oʻqituvchilarning yuksak saviyada bergan saboqlari vositasida erishdim.

    — 23 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining 1 million 14 ming AQSH dollari miqdoridagi grantlarini qoʻlga kiritdim, — deydi maktabning yana bir oʻquvchisi Temurbek Sulaymonov.Kelajakda Adelfi universitetida xalqaro munosabatlar yoʻnalishi boʻyicha oʻqib, diplomat boʻlmoqchiman. Maktabda tengdoshlarim bilan birga quyi sinf oʻquvchilariga yordam berish maqsadida klub tashkil qilganmiz. Maktab kutubxonasi men uchun eng sevimli maskan hisoblanadi.

    Xorijdan oʻn nafar mutaxassis jalb etilgan

    Prezident maktabiga Angliya, AQSH va Janubiy Afrika davlatlaridan Kembridj dasturini oʻqitish malakasiga, shuningdek, qoʻshimcha SAT, TESOL va IELTS sertifikatlariga ega boʻlgan 10 nafar xorijlik mutaxassis jalb qilingan.

    Prezident maktabida mahalliy pedagoglarning xorijlik mutaxassislar tajribalarini oʻrganish va darslarga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni tadbiq etish yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Anmari Anderson, Kevin Hatchings hamda Ann Bailliye kabi xorijlik mutaxassislar mahalliy oʻqituvchilar mahorati va malakasini oshirish maqsadida muntazam seminar-treninglar oʻtkazishi anʼanaga aylangan.

    — Prezident maktabida kimyo fanidan dars beraman, — deydi Kevin Hatchings. — Angliyalikman. Faoliyatim davomida dunyoning koʻplab maktablarida dars berganman. Ochiq gap, shu paytgacha Oʻzbekiston haqida deyarli hech narsa bilmas edim. Goʻzal yurtingizga ilk bor kelishim. Maktab tashkil etilishi va ochilishi jarayonida ishtirok etganimdan mamnunman. Maktabga qobiliyatli oʻqituvchilar jalb qilingan. Oʻquvchilarni saralab olish jarayoni ham shaffof tashkil etilgan. Oʻquvchilarim aʼlo darajada taʼlim olishayapti. Bugun men tahsil berayotgan oʻquvchilar vaqti kelib, kimyo fani rivojiga oʻz hissalarini qoʻshishiga ishonaman. Prezident maktablarining kelajagi porloq.

    — Angliyaning London shahridanman, — deydi yana bir xorijlik oʻqituvchi Ann Bailliye.Bu maktab kelajakda Oʻzbekistonga yetuk kadrlar, fan fidoyilari va kashshoflarini tayyorlashga xizmat qiladi. Maktabda dars Kembridj oʻquv dasturi asosida oʻtiladi. 10-11-sinflar A Level darajasini olish uchun ana shu dastur asosida taʼlim olishadi. Ularning IELTS imtihonlaridan yuqori bal olayotganidan behad mamnunman. Oʻquvchilarimiz bir vaqtning oʻzida SAT imtihonlariga ham tayyorgarlik koʻrishmoqda. Yurtingiz oʻqituvchilari bilan hamkorlikda ishlayapmiz, kezi kelganda bir-birimizdan oʻrganayapmiz. Bu, oʻz navbatida, yaxshi anʼanga aylanib bormoqda.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri