Yigʻilishda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va mamlakatning xorijdagi diplomatik missiyalari rahbariyati ishtirok etdi.

Prezident taʼlim muassasalari Agentligi rahbariyati Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablarning bugungi faoliyati, shuningdek, qisqa va oʻrta muddatli rejalari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Yigʻilish chogʻida Prezident maktablarining xalqaro taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorligini oshirish muhimligi qayd etildi va bu jarayonda mamlakat diplomatik vakolatxonalarining muhim oʻrni alohida taʼkidlandi.

Muayyan taʼlim muassasalariga biriktirilgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlariga Oʻzbekistonda ilgʻor taʼlim amaliyotini va oʻquv jarayoni uchun zamonaviy dasturiy taʼminotni joriy etish, moddiy-texnika bazasini takomillashtirish, shuningdek oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun tajriba almashish dasturlarini tashkil etish maqsadida mutasaddilik qilinadigan maktablar bilan yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.

Prezident taʼlim muassasalarining bugungi holati va uslubiy hamda moddiy-texnik yordamga boʻlgan ehtiyojlari bilan tanishtirish maqsadida tizimli ravishda Oʻzbekistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining maktablarga tashriflarini tashkil etish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Yigʻilish yakunida aniq tadbirlar, muddatlar va masʼul ijrochilar koʻrsatilgan holda barcha Prezident taʼlim muassasalari uchun alohida “Yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish topshirildi. Mamlakatimizning diplomatik missiyalari ushbu yoʻnalishdagi faoliyatining samaradorligini baholash reyting tizimi asosida har oyda amalga oshiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.