Press-tur avvalida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish Agentligi rahbariyati va vakillari, shuningdek Britaniya Konsulligi xodimi kelib tushgan arizalar, imtihon tartibi va Prezident maktablari saralash imtihonlarida shaffoflikni taʼminlash yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Respublikamizdagi 14 ta Prezident maktabining 1-bosqich saralash imtihonlari oʻtkaziladigan barcha hududlarda imtihon jarayonlari bir xil tashkil etiladi.
Imtihonlar Toshkent shahridagi Botanika bogʻining B va C sektorlarida boʻlib oʻtishi rejalashtirilmoqda. Mazkur hududlar 1080 nafar oʻquvchi sigʻimiga ega.
Imtihon boʻlib oʻtadigan hududlarda, jumladan talabgorlarning qimmatbaho buyumlarini saqlash joyi, Face ID tekshirish joyi, Internet, noutbuk va printer, mikrofon, elektron tablo soat, kuzatuv kamerasi (har bir blokda), Server xonasi, imtihon materiallarini saqlash joyi, stol-stul, 0,5. Litr suv, qalam, oʻchirgʻich (har bir talabgorga), antiseptik vositalar, bir martalik niqob, Tibbiy punkt xonasi, koʻchma tibbiy punktlar, ota-onalar uchun kutish joyi, oʻrindiq, soyabonlar, ota-onalarga imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib borishlari uchun monitor, bufet va boshqa zarur sharoitlarning yaratilishi belgilab qoʻyilgan.
Prezident maktablari kirish imtihonlarining 1-bosqichi:
- Toshkent shahar va Toshkent viloyatida - Toshkent shahar, Olmazor tumani, Gʻalaba bogʻi hududidagi yopiq sahna maydonida va Toshkent shahridagi Botanika bogʻining B va C sektorlarida;
- Sirdaryo viloyati - Guliston shahri markaziy oʻyingohida;
- Qashqadaryo viloyati – Qarshi shahri “Nasaf” futbol klubi 2- va 3-mashgʻulotlar maydonida;
- Fargʻona viloyati - Fargʻona davlat universiteti stadioni va Margʻilon shahar 2-BOʻSM stadionida;
- Buxoro viloyati - Buxoro shahri “Dilkusho” tennis sport majmuasida;
- Jizzax viloyati – “Soʻgʻdiyona” markaziy oʻyingohi sunʼiy qoplamali mashgʻulotlar maydonida;
- Samarqand viloyati – “Lokomotiv” markaziy jismoniy tarbiya sport klubi Samarqand filiali futbol stadioni va Samarqand shahar 2-son bolalar va oʻsmirlar sport maktabi stadionida;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi - Nukus shahri “Turon” markaziy stadionida;
- Namangan viloyati - 17-bolalar va oʻsmirlar maktabiga qarashli “Navbahor umid” stadionida;
- Xorazm viloyati - Urganch shahridagi Futbol akademiyasi qoshidagi “Xorazm” sport majmuasida;
- Navoiy viloyati - Navoiy shahridagi “Kimyogar” oʻyingohida;
- Andijon viloyati - Sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi asosiy stadioni 3-, 4- va 5-binolarida;
- Surxondaryo viloyati – “Surxon” sport majmuasi zaxira futbol maydoni va Termiz olimpiya zaxiralari kolleji futbol maydonida joriy yilning 26-, 27- va 28-iyul kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.