Prezident maʼruzasi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga oʻqib eshittirildi

    Samarqandda “Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusidagi xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.

    Unda jumladan, Xalqaro atom energiyasi agentligi bosh direktori Rafael Grossi ishtirok etmoqda. Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining anjuman ishtirokchilariga murojaatini Prezident matbuot kotibi oʻqib eshittirdi.

    Davlatimiz rahbarining murojaatida iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsiri va anʼanaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanishi taʼkidlangan. Atom energiyasi boʻyicha ilgʻor texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki berishi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga oʻtish uchun imkon yaratishiga ishonch bildirilgan.

    Shuning uchun mamlakatimizda sohaning huquqiy-institutsional asosi mustahkamlandi, maxsus agentlik tashkil etildi, soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi joriy etildi. Yurtimiz jahonda birinchilardan boʻlib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi.

    Prezidentimiz oʻz murojaatida Xalqaro atom energiyasi agentligiga Oʻzbekistonning bu boradagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Samarqanddagi anjuman Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda tinch atomdan samarali foydalanish boʻyicha aniq tavsiya va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun gʻoyat zarur muloqot maydoni boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab, uning ishiga muvaffaqiyat tiladi.