Prezident maslahatchisi ishchi guruhi oʻz faoliyatini Andijon va Fargʻonada davom ettirmoqda

    Mamlakatimizda 6 Dekabr 2022 1507

    Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat Respublika Ishchi guruhi aʼzolari viloyatlarda masalalarni oʻrganish va oʻz joyida hal etish boʻyicha ishlarni boshlagandi.

    Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi 24 ta vazirlik va idora rahbarlaridan iborat Respublika Ishchi guruhi aʼzolari viloyatlarda sharoiti ogʻir boʻlgan eng chekka qishloqlarda tunab, aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish va oʻz joyida hal etish boʻyicha ishlarni boshlagandi.

    Tajriba sifatida ilk manzil Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumani tanlangan edi. Mazkur tajriba koʻplab oʻzining ijobiy natijalarini bergach, ushbu amaliyotni boshqa hududlarda ham davom ettirish kerakligi belgilandi.

    Navbatddagi manzillar esa Andijon viloyatining Asaka tumani hamda Fargʻona viloyatining Beshariq tumani tanlab olindi.

    Xoʻsh, oʻtgan uch kunda ushbu hududlarda qanday amaliy natijalarga erishildi? Aholi roziligi uchun nimalar qilindi?

    Asaka tumanida Ishchi guruh aʼzolari tomonidan tumandagi 70 ta mahallada uyma-uy yurilib, 3 434 ta xonadon, 27 ta ijtimoiy soha obyektlari oʻrganildi. Jami 1 892 ta muammo aniqlanib, hozirga qadar 100 ga yaqini joyida hal etilgan boʻlsa, qolganlari boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi tuzilib, yechimi boʻyicha manzilli tadbirlar rejalashtirib olindi.

    Jumladan, oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan ishsiz 177 nafar fuqaroga kerak boʻlgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun “Har bir oila tadbirkor”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi qator dasturlar boʻyicha deyarli 3.5 milliard imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratildi.

    Beshariq tumanidagi 50 ta mahallada “xonadonbay” oʻrganish ishlari boshlangan boʻlib, hozirga qadar 5 622 ta xonadon sharoitlari bilan tanishildi. Natijada 2 mingga yaqin muammo aniqlangan boʻlib, ularning 150 dan ziyodiga joyida yechim topildi.

    Xususan, 200 nafar aholini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida 4.5 milliard soʻmga yaqin imtiyozli kredit hamda subsidiya mablagʻlari ajratib berildi.

    Yashash sharoiti ogʻir boʻlgan “Beshariq”, “Usmonobod”, “Qiyat-Sartol”, “Chorbogʻtoʻrongʻi” mahallarida yashovchi 14 nafar fuqarolarning uy-joylarini taʼmirlash uchun 500 million soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.

    Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.