Prezident mehribonlik uyidagi bolalarni bagʻriga oldi: Orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor

    Hukumat 19 Fevral 2021 8506

    Davlatimiz rahbari Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyida boʻldi. Sharoitlarni koʻzdan kechirib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashdi.

    - Sizlar hammalaring mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. Shuni bilinglarki, bugun ogʻir kunlar boʻlsayam, Alloh taoloning yorugʻ kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaring, oilani eslashlaring, orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor. Bu dunyoda kim baxtli boʻlishini kelajak koʻrsatadi. Sizlarning baxtli boʻlishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni oʻylayapmiz. Bir martalik emas, qonun jihatidan. Bu yerni tamomlagandan keyin uy bilan taʼminlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni koʻrish nasib etsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezident “Saxovat” uyini ham borib koʻrdi. Uning binosi 1982-yilda qurilgan.

    - Menga Oʻzbekistonning har bir fuqarosi birdek qadrli. Bugun juda ogʻir kun boʻldi, koʻp masalalarni muhokama qildik. Samolyotga oʻtirib, qaytish oldidan koʻnglimdan sizlar oʻtdingiz. Shu muammoni hal qilmasdan ketamanmi, deb oʻyladim. Menga “Saxovat” uylariga ehtiyoji boʻlgan nuroniylardan juda koʻp xatlar keladi. Shularni inobatga olib, ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. 4 oy ichida Namangan shahrida “Saxovat” uyi uchun yangi bino qurib beriladi. Sizlar munosib sharoitlarda yashaysiz, davolanasiz. Sizlarga sogʻliq va uzoq umr tilayman, - dedi davlatimiz rahbari.

    Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

    Shuning bilan Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.