Prezident: “Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson “hayotimda ijobiy oʻzgarish boʻlmoqda”, deb ayta oladi”

    Hukumat 8 May 2023 1794

    “Oʻzbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qatʼiy tanlovi ham shu!” - dedi Prezidentimiz.

    Bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi taʼminlanishi; barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi; mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash siyosati izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.

    Qayd etilganidek jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yoʻl qoʻyilmaydi.

    "Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq “Biz xalqimizga xizmat qilgani kelganmiz”, “Biz xalqni rozi qilishimiz kerak” degan gaplarni doim takrorlayman.

    Islohotlarni boshlagan paytda oʻzimiz tasavvur ham qilmagan juda koʻp muammo va sinovlarga duch keldik. Ularga el-yurtimiz bilan birgalikda yechim topib, har bir masalani joyida hal qilib borayapmiz.

    Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizning maʼno-mazmuni, bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratib berishdan iboratdir.

    Bu maqsad yoʻlida qanchalik ogʻir boʻlmasin, zarur mablagʻlarni, kerak boʻlsa, ortiqchasi bilan topib, barcha imkoniyatlarni ishga solayapmiz.

    Xalqimizning oʻzi – eng adolatli hakam. Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson “hayotimda ijobiy oʻzgarish boʻlmoqda”, deb ayta oladi", - dedi Prezident.