So‘nggi besh yilda Namangan viloyatida korxonalar soni 15 mingtaga ko‘payib, 32 mingtadan oshdi. Shu davrda xususiy biznes ishlab chiqargan mahsulotlar hajmi 1,6 baravar o‘sib, 8,3 trillion so‘mga yetdi. Bu – respublika bo‘yicha eng yuqori sur’atlar.
– Tasavvur qiling, olti yil avval dotatsiyada bo‘lgan viloyat bugungi kunda mustahkam daromadga ega bo‘ldi, zamonaviy sanoat va kuchli tadbirkorlar shakllandi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oddiy qilib aytganda, Namangan hech mubolag‘asiz tadbirkorlar yurti, kichik va o‘rta biznes markaziga aylandi.
Yig‘ilishda, avvalo, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratildi.
Tahlillarga ko‘ra, bu yil qishdagi sovuq oqibatida yurtimizdagi 3 mingta hududiy sanoat korxonasida ishlab chiqarish pasaygan. Yana ko‘plab tadbirkorlarning soliq qarzdorligi oshgan.
Shu bois, Prezidentimiz iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolaganini aytdi. Unga ko‘ra, sovuqdan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Jumladan, 2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi. 29 mingta tadbirkorga 2 trillion so‘m soliq qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va penyasiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi. Davlat mulki xaridi va ijarasi bo‘yicha to‘lovlar bo‘yicha ham yengilliklar beriladi. Ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma joriy etiladi.
Bu imkoniyatlar tadbirkorlar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.
– Namangan iqtisodiyotini rivojlantirish hisobiga, bu yil 500 mingga yaqin aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha katta marralarni olganmiz. Bu rejalarni faqat va faqat tadbirkorlarga tayanib, ularni qo‘llab-quvvatlab erishish mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.
Buning uchun viloyatda oilaviy tadbirkorlik uchun bu yil 950 milliard so‘m yoki 2 baravar ko‘p imtiyozli kreditlar ajratiladi. Maxsus to‘qimachilik zonasi tashkil etiladi hamda 15 ta sanoat zonasi infratuzilmasiga 75 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, har bir tumanda kamida 2 tadan mikromarkaz o‘z faoliyatini boshlaydi.
Energetika vazirligiga tadbirkorlarning energiya ta’minotini kunlik nazoratga olib, izchil yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.
Aholiga dehqonchilik uchun tarqatiladigan 9,5 ming gektar yerda bozorbop oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish zarurligi aytildi.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Muloqotda Prezident tadbirkorlarning yangi taklif va tashabbuslarini eshitdi.