“Muammolar boʻyicha manzilli ish olib borish uchun mutlaqo yangi tizim — «Ayollar daftari”ni joriy etdik. Keyingi 3 oyda respublika komissiyasi tomonidan ushbu “daftar”ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir ayollarning 32 ming nafari ish bilan taʼminlandi. Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordamlar koʻrsatildi.
Ayol farzandi baxtli boʻlsa, asl baxtni his etadi. Birgina “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar berildi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trillion soʻmdan ziyod kredit mablagʻlari ajratildi. Deyarli 55 ming nafar xotin-qizlar tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan oʻqitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi. “Besh muhim tashabbus” doirasida chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi taʼminlandi.
Uy-joy sotib olish uchun 1 250 nafar opa-singillarimizga qariyb 22 milliard soʻmlik boshlangʻich badallar toʻlab berildi.
Joriy yilda ham ushbu xayrli ishlar davom ettiriladi va bu borada kuni kecha yangi qarorni imzoladim. Unga koʻra, jamiyatda ayollarimizga boʻlgan eʼtiborni eng quyi boʻgʻingacha, mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilmoqda. Bundan buyon Oʻzbekistonda biror ayol davlat va jamiyatning eʼtiboridan chetda qolmaydi».