Poytaxtda narkojinoyatlarning soni 4 mingdan oshgan. Qoʻlga olingan 112 ta uyushgan jinoiy guruh 1 ming 300 dan ortiq jinoyat qilgan.

Mazkur jinoyatlar uchun aybli deb topilganlar jazoni yarmini ham oʻtamasdan ozodlikka chiqmoqda. Oqibatda bu jinoyatni takroran qilganlar uch yilda 125 foizga koʻpaygan.

Prezident Administratsiyasi shugʻullanishni boshlagandan keyin bu masalada oʻzgarish boʻlgani taʼkidlandi. Soʻnggi uch oyda respublika boʻyicha 50 ga yaqin yirik narkoguruhlar qoʻlga olinib, yarim tonna narkotiklar muomalasiga chek qoʻyildi.

«Eng yomoni, chet davlatlarda ham oʻzimizning fuqarolar uyushgan guruhlar tuzib, yurtimizdan borganlarga nisbatan tovlamachilik, zoʻravonlik, tadbirkorligiga raxna solish bilan shugʻullanyapti. Oʻzbeklarning chet eldagi ommaviy mushtlashuvlari yurtimiz obroʻsiga putur yetkazyapti», – dedi davlatimiz rahbari.

Oʻtgan yilning oʻzida chet elda ogʻir ahvolga tushgan 3 ming 700 nafar fuqaromiz mamlakatimizga qaytarildi. 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboniga aylandi.