Prezident poyabzal ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy korxona bilan tanishdi

    Hukumat 22 Aprel 2022 5455

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi kichik sanoat zonasida joylashgan “UzShoes” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

    Ma’lumki, Qashqadaryoda charm xomashyosi ko‘p. Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida bu imkoniyatdan foydalanib, charm mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Shundan so‘ng hududda 4 ta loyiha ishga tushirildi.

    Xususan, “UzShoes” korxonasi belaruslik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 6 million dollar evaziga tashkil etildi. Korxonaga Germaniya, Italiya va Avstriyadan uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatildi. 350 ta ish o‘rni yaratildi.

    Korxona yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda erkaklar, ayollar va bolalar uchun 10 turdagi charm poyabzallar tayyorlanmoqda. Sifatli va chiroyli bu mahsulotlar import o‘rnini bemalol bosadi.

    Shu bilan birga, Qarshida tikilgan poyabzallar Yevropa mamlakatlaridagi 100 dan ortiq savdo do‘konlarida sotilmoqda. Shuningdek, qo‘shni davlatlar va Hindiston bilan kelishuvlarga erishilgan.

    Davlatimiz rahbari poyabzallarni tayyorlash jarayonini ko‘zdan kechirdi, shu yerda ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

    Shuningdek, Prezident Qarshi shahrida sport ta’limi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Sportni rivojlantirish vaziri yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha 1-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdagi vazifalar ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi. Mutasaddilarga chet ellik mutaxassislarni jalb etib, seleksiya ishlari va o‘quv dasturini to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.