Oʻquv-seminarida hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga masʼul xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirni Sirdaryo viloyat hokimligi Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari v.b. N.Shodiyev kirish soʻzi bilan ochdi.

Seminarda Adliya boshqarmasining masʼul xodimlari ishtirok etib, mazkur Farmonni qabul qilish zarurati va maqsadi haqida batafsil toʻxtalib oʻtishdi.

— Qonunchilik hujjatlarining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq ijro etilishi islohotlar samarali kechishining garovi hisoblanadi. Biroq, tahlillar natijasida ijro intizomi samarasiz darajada ekanligidan dalolat beruvchi koʻplab holatlar aniqlangan. Shu munosabat bilan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan mazkur Prezident Farmoni qabul qilindi, - dedi Adliya boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Safar Togʻayev oʻz maʼruzasida.

Tadbirda Adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Davron Burxonov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati, Farmon bilan Adliya adliya organlariga yuklatilgan vazifalar xususida atroflicha toʻxtalib oʻtdi.

Shuningdek, oʻquv-seminarida Adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi A.Mavlonov oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmoni mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi.

Tadbir ishtirokchilarining Farmon mazmun-mohiyati va 2021-yilgi davlat dasturi boʻyicha qiziqtirgan savollariga Adliya boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan javob berildi.

Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targʻibot va maʼrifat boʻlimi