Prezident qurilish loyihalarini koʻzdan kechirdi

    Hukumat 5 Fevral 2021 6820

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona shahri Tarona koʻchasida qurilgan 16 qavatli yangi uy-joylarni borib koʻrdi.

    Maʼlumki, Fargʻona mamlakatimizning aholi eng zich joylashgan shaharlaridan. Shu bois bu kabi zamonaviy koʻp qavatli uylar aholining oʻsib borayotgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Xususan, mazkur 2 ta 16 qavatli uyni qurish uchun 11 sotix yer kifoya qildi. Endi bu yerda 160 ta oila yashaydi. Xonadonlarning bir qismi ijtimoiy himoyaga muhtojlarga topshiriladi.

    Qurilishda seysmologiya va zamonaviy arxitektura talablariga alohida eʼtibor berilgan. Energiya tejovchi, sifatli materiallardan foydalanilgan. Uylarning yonida bolalar oʻyin maydonchasi, mashinalar turargohi bor. 420 oʻrinli maktab barpo etilgan. 380 oʻrinli bolalar bogʻchasi qurilmoqda.

    Davlatimiz rahbari Fargʻona tumani Ilgʻor mahallasiga borib, ichki yoʻllarni arzon qurishga oid andozalarni koʻzdan kechirdi.

    Yurtimizda 39 ming kilometrga yaqin ichki yoʻllar tuproqli. Ilgari qurilgan koʻchalarning ham koʻpi oʻydim-chuqur boʻlib, yaroqsiz holga kelgan. Ushbu barcha yoʻllarga asfalt yotqizish juda qimmatga tushadi.

    Shu bois qum-shagʻal, ohak tosh, chaqiq tosh, sement kabi mahalliy materiallar aralashmasidan 5 xil qoplama varianti tayyorlangan.

    Shavkat Mirziyoyev ushbu namunalarni koʻzdan kechirdi. Soha mutaxassislari yoʻl qoplamalarining tarkibi, tannarxi, sifati boʻyicha maʼlumot berdi.

    Prezident bu ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlab, ularni muhandislik jihatidan takomillashtirish, xomashyo zaxiralari va zarur texnikalarni aniq hisob-kitob qilib, eng maʼqulini tanlash kerakligini taʼkidladi.