Qonunga koʻra, rasmiy statistika davlat statistika organlari va rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika maʼlumotlaridan iborat.

Davlat statistika qoʻmitasi sohada vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Jismoniy va yuridik shaxslar (shu jumladan ularning alohida boʻlinmalari, filiallari va vakolatxonalari) rasmiy statistikadan foydalanuvchilar boʻlishi mumkin.

Qonunga koʻra, koʻp yillik statistika dasturi umuman milliy statistika tizimi uchun ishlab chiqiladi va rasmiy statistikaning strategik rivojlanish yoʻnalishlarini belgilaydi.

Bir yillik statistika dasturi koʻp yillik statistika dasturini bajarish maqsadida ishlab chiqiladi.

Koʻp yillik statistika dasturlari Prezident tomonidan, bir yillik statistika dasturlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Rasmiy statistikani tayyorlash uchun yigʻiladigan, ishlov beriladigan va saqlanadigan statistika maʼlumotlari, agar ular jismoniy yoki yuridik shaxslarni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini bersa hamda ularga taalluqli individual maʼlumotlarni oshkor qilsa, maxfiy hisoblanadi.

Ilmiy-tadqiqot maqsadlari uchun taqdim etiladigan maxfiy statistika maʼlumotlari tarkibida identifikatorlar boʻlishi mumkin emas.

Rasmiy statistika mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish va baholash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish, rasmiy statistikadan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash uchun eʼlon qilinadi.