O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlari alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qat’iy intilishni tasdiqladilar

    Hukumat 14 Iyun 2024 1499

    Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    Suhbat avvalida davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 32 yilligi va O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarining besh yilligi bilan chin dildan tabrikladi.

    Uchrashuv chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Koreya Respublikasi O‘zbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Turistlar oqimi ortib bormoqda, Toshkent va Seul o‘rtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.

    Hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Respublikamizda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘z navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olmoqda.

    Koreya madaniyati uyi, Ko‘p tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bog‘i va Seul ko‘chasi do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylandi.

    Prezidentlar xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini ta’kidladilar.

    Shuningdek, mintaqaviy, jumladan, "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha yaqin aloqalarni o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.