Prezident sanoatda ishlab chiqarishni koʻpaytirish masalalariga toʻxtaldi.

Oʻtgan yili ayrim korxonalarda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi.

Nukus, Jizzax, Bekobod shaharlari, Sharof Rashidov, Dehqonobod, Uchqoʻrgʻon, Urganch tumanlarida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda oʻsish boʻlmagani munosabati bilan Bosh vazirga ushbu 7 ta hudud hokimlarining lavozimiga loyiqligini koʻrib chiqish topshirildi.

Hududiy sanoatni rivojlantirish uchun 24 ta maxsus iqtisodiy hudud tashkil qilingan. Ularga soddalashgan tartibda yer ajratiladi, soliqdan imtiyozlar bor.

Lekin ayrim hudud rahbarlari buni suisteʼmol qilayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, respublika boʻyicha infratuzilmasi bor 800 gektar maxsus iqtisodiy hududlarning yeri boʻsh boʻla turib, hokimlar ularning hududini kengaytirish boʻyicha murojaat qilmoqda.

Endilikda hokimlar maxsus iqtisodiy hududlardagi barcha yerlarni toʻliq oʻzlashtirmay turib, uni maydonlarini kengaytirish boʻyicha tashabbus bilan chiqishi man etiladi.