Prezident saylovi logotipi yaratildi

    Saylov 28 Iyul 2021 3702

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, saylov leybli tavsifiga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi. Unda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari vakilari ishtirok etdi.

    Aytish kerakki, saylov – muhim siyosiy jarayon. Uning borishini OAV vakillari ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Saylov jarayoni nechogʻli koʻp yoritilsa, fuqarolarning faolligi shu qadar oshib, ularning huquqiy ongi va huquqiy bilimi shu qadar kengayib boraveradi. Saylovlarni yaxshi va sifatli yoritish uchun esa, shubhasiz, yaxshi sharoit mavjud boʻlishi kerak. Shu maʼnoda, MSK Matbuot markazida jurnalistlar uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan:

    Birinchi navbatda, jurnalistlar oʻz faoliyatini bemalol olib borishi uchun Matbuot markazi kompyuter uskunalari bilan toʻliq taʼminlangan. Matbuot markazida yuqori tezlikka ega vay-fay mavjud. Tadbirda shu va shu kabi boshqa qulayliklar taqdimot qilindi. Shu bilan birga, saylov kampaniyasining oʻziga xos imidji – saylov logotipi ham taqdim qilinib, uning tavsifi tushuntirildi.

    Mutaxassislar taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini oʻtkazish davrida keng foydalaniladigan ramzlar, saylovning “yuzi” hisoblanuvchi logotip hamda boshqa atributlarning koʻrinishi va mohiyatini ishlab chiqishda avvalgi saylovlardan orttirilgan malaka, shuningdek, zamonaviy dunyo tajribasiga tayanildi.

    Dunyo tajribasi, xususan, Rossiya, AQSH, Fransiya, Koreya Respublikasi singari mamlakatlarning saylov oʻtkazish borasidagi amaliyoti oʻrganilganida, maʼlum boʻldiki, rivojlangan mamlakatlarning aksariyati oʻz saylov kampaniyasini oʻtkazish chogʻida foydalanadigan logotipida uchta jihat boʻlishiga alohida ahamiyat qaratar ekan. Bular:

    1. muayyan sana;

    2. hamma uchun bir xilda tushunarli ramz;

    3. davlat bayrogʻining rangi.

    Asosiysi, logotip oʻzi bilan zarur informatsiyani “tashishi” kerak.

    Bu borada qariyb uch oy mobaynida izlanishlar olib borildi. Mazkur maqsadlar uchun maxsus fokus guruhi tashkil etilib, uning tarkibiga mamlakatimiz aholisining barcha qatlami: ziyolilar, ishchilar, xizmatchilar, dehqon-fermerlar, shuningdek, yoshlar, keksalar, erkaklar va ayollar, umuman olganda, hamma toifa vakillari kiritildi.

    Tadbirda Prezident saylovi logotipi, saylov jarayonini yoritish maqsadida yaratilgan maxsus axborot portali, mobil ilova takdimoti oʻtkazildi.

    Bahor Xidirova,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri