Prezident saylovi yuksak saviyada oʻtdi

    Saylov 25 Oktabr 2021 2055

    2021-yil 25-oktyabrda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senatining ijtimoiy-madaniy rivojlanish va fan masalalari qoʻmitasi aʼzosi, YEXHT Parlament Assambleyasi missiyasi aʼzosi Akmaral Alnazarova bilan uchrashdi.

    Muloqotda Oʻzbekistonda saylov jarayoni takomillashgani, xususan, kuni kecha boʻlib oʻtgan muhim siyosiy voqea – Prezident saylovi yuqori saviyada, ovoz berish jarayoni xalqaro andozalarga toʻla mos shaklda oʻtgani taʼkidlandi.

    Akmaral Alnazarovaning fikricha, saylovchilar ishtiroki yuqori darajada boʻldi, bu esa Oʻzbekistonda saylovoldi kampaniyasi yaxshi tashkil etilganidan dalolat beradi. Koʻplab xorijiy davlatlar va qator xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining saylov jarayonida ishtirok etgani esa jahon hamjamiyatining Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqishi va eʼtiborining tasdigʻidir.

    Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari T.Narbayeva taʼkidlaganidek, saylov mamlakat istiqboli, uning taraqqiyotini belgilashda muhim rol oʻynaydi.

    Konstruktiv muloqot va oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan uchrashuvda parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini taʼminlash doirasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gender tenglikni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, shu jumladan, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti haqida soʻz yuritildi.

    Gender tenglikka erishish, eng yaxshi qadriyatlarni asrab-avaylash, oilani mustahkamlashda muhim boʻgʻin boʻlgan mahalla institutining oʻrni xususida fikr almashildi.

    Shu nuqtayi nazardan, gender tenglikka erishish, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yoʻnalishlari muhokama etildi.

    Tomonlar oʻzaro qiziqish uygʻotgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.