Prezident saylovida 80,8 foiz saylovchi qatnashgan

    Bugun O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo'yicha mamlakatimizdagi barcha saylov uchastkalarida soat 20:00 da ovoz berish yakunlandi. Ammo O'zbekistondan vaqt mintaqasi farq qiluvchi xorijiy mamlakatlarda (AQSH, Evropa davlatlari) saylovlar davom etmoqda.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida bo'lib o'tgan brifingda saylovda qancha fuqaro ovoz bergani, muhim siyosiy jarayon qanday o'tganiga doir dastlabki ma'lumotlar e'lon qilindi.

    Markaziy saylov komissiya raisi Z.Nizomxo'jaev ma'lum qilishicha, dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimiz bo'yicha 16 million 36 ming 914 nafar fuqaro ovoz berishda ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 80,8 foizini tashkil etadi.

    Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga muvofiq, agar saylovchilarning kamida 33 foizi ovoz berishda ishtirok etgan bo'lsa, saylov haqiqiy, deb hisoblanadi. Demak, Saylov kodeksiga asosan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tgan va haqiqiy, deb hisoblanishiga to'liq asoslar bor.

    – Bugun bo'lib o'tgan Prezident saylovi xalqimizning ulkan tarixiy yutug'i. Bu – o'z taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qo'ygan O'zbekiston xalqining siyosiy-huquqiy ongi, madaniyati va siyosiy faolligi tobora yuksalib borayotgani tasdig'i, xalqimizga xos ahillik va hamjihatlikning yana bir ifodasi. Shuningdek, ko'p millatli O'zbekiston xalqi davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni, amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlarni qo'llab-quvvatlayotganining amaldagi yorqin namoyonidir, – dedi Markaziy saylov komissiya raisi Z.Nizomxo'jaev.

    Ta'kidlanganidek, saylovda bevosita ishtirok etgan saylovchilar, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar hamda jurnalistlar tomonidan O'zbekiston Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligimiz, ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik kabi umume'tirof etilgan demokratik printsiplarga muvofiq o'tgani keng e'tirof etilmoqda.

    Saylov jarayonlari mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 saylov uchastkasiga o'rnatilgan 414 videokamera orqali onlayn translatsiya qilindi. SHuningdek, saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan bevosita teleradio, foto reportajlar, interv`yular muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.

    Ovoz berish jarayonlari akkreditatsiyadan o'tgan 1672 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari tomonidan keng yoritildi.

    Saylov yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan, ellikka yaqin davlatdan kelgan minga yaqin xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bevosita kuzatib borildi.

    Bundan tashqari, saylovda Prezidentlikka nomzod ko'rsatgan siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar mahalliy kuzatuvchi qatnashdi.

    Ma'lum qilinishicha, saylov uchastkalarida siyosiy partiyalarning Prezidentlikka nomzodlarga berilgan ovozlarni sanab chiqish jarayonlari davom etmoqda.

    Ertaga soat 16:00 da bo'lib o'tadigan matbuot anjumanida O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o'tkazilgan saylovning dastlabki natijalari e'lon qilinishi rejalashtirilgan.