Prezident Shavkat Mirziyoyev “Astrum” akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qilmoqda

    Hukumat 29 Iyul 2022 2050

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqorichirchiq tumanidagi “Astrum” IT akademiyasiga tashrif buyurib, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, yosh dasturchilar, IT va kommunikatsiya kompaniyalarining rahbarlari va xodimlari bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda mamlakatimiz IT sektoridagi ishlarning bugungi ahvoli va uni yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashiladi.

    “Bugun yangi IT akademiyasiga biz uchun ahamiyati nihoyatda yuqori boʻlgan IT sohasidagi yetuk mutaxassislar va yoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazish uchun keldim.

    Biz bugun birgalikda yechimlarini topadigan masalalar butun Oʻzbekiston yoshlarining IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya berishiga ishonaman”, dedi davlatimiz rahbari.

    Dunyoda IT xizmatlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Jahonda bu sohaning oʻsish surʼatlari yiliga 10 foizni tashkil etib, joriy yilda 4,3 trillion dollarga yetadi.

    “Biz ushbu bozorda mustahkam oʻrin egallash borasida katta islohotlarni boshladik. Sohaga soʻnggi besh yilda 2 milliard dollar, shundan 700 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar yoʻnaltirildi.

    Bundan uch yil oldin IT parklar tashkil qilib, ularga alohida soliq rejimini joriy etdik", dedi Prezident.