Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda koʻplab tashabbuslarni ilgari surdi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni birgalikda taʼminlashga qaratilgan koʻplab tashabbuslarni ilgari surdi.

    Xususan:

    – birgalikda qabul qilingan qaror va loyihalar ijrosini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari oʻrinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash taʼsis etishni taklif qildi;

    – tovar ayrboshlashni koʻpaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi” loyihasini ishga tushirishni taklif qildi;

    – avtomobil, temir yoʻl va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uygʻunlantirish uchun mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi;

    – Buxoro shahrida ilgʻor muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan «Markaziy Osiyo – Rossiya« sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif etdi;

    – Toshkentda oʻtkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” koʻrgazmali forumiga mintaqaning asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berish taklifi bilan chiqdi;

    – atom energetikasi yoʻnalishida Mintaqaviy kompetensiyalar markazini Oʻzbekistonda tashkil etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi;

    – “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uglevodorodlarni qidirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi;

    – Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar boʻyicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish, shuningdek, mamlakatlarda “Skolkovo” innovatsiya markazi filiallarini ochishni taklif etdi;

    – “Kelajak muhandislari” konsorsiumini tuzib, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari salohiyatini birlashtirish hamda yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini taʼsis etish gʻoyasini ilgari surdi;

    – har yili oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, sanʼati va ijodiyoti festivali — Etnomadaniyat forumini tashkil etish taklifini bildirdi;

    – terrorizm, ekstremizm, kibertahdidlar va odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha birgalikda choralar koʻrish muhimligini qayd etdi hamda Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlar oʻtkazishni taklif qildi.