Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi davom etmoqda

    Hukumat 6 Noyabr 2020 4954

    Sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinidagi davolash sifati haqida gap borar ekan, buning uchun sharoit va kadrlar yetishmasligi aytib oʻtildi. Xodimlarni ragʻbatlantirish, malakasi va lavozimini oshirishga eʼtibor yoʻq.

    Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod vrachlik shtati mavjud, lekin 12 ming shifokor ishlamoqda. Chunki bugungi kunda umumiy amaliyot shifokori kasbi tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari uchun jozibador emas.

    Shu bois Prezident shifokorlarga munosib sharoitlar yaratish orqali ularni eng quyi boʻgʻin – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini taʼkidladi.

    Buning uchun chekka hududlardagi birlamchi boʻgʻin tibbiyot tizimi uchun “Qishloq shifokori” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturga muvofiq chekka hududlardagi birlamchi boʻgʻinga ishga kirgan tibbiyot xodimlariga 30 million soʻm miqdorida bir martalik pul mablagʻi beriladi, ular xizmat uyi bilan taʼminlanadi yoki ijara toʻlovi kompensatsiya qilinadi.

    Shifokorlarga boʻlgan ehtiyojlarni mahallalar kesimida aniqlab, tibbiyot oliy oʻquv yurtlarida kvotani oshirish, ipoteka asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo birlamchi boʻgʻin shifokorlari uchun ajratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi yilda 100 ta qishloq vrachlik punkti va 24 ta oilaviy poliklinika tashkil etilishi belgilandi.