Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga joʻnab ketdi

    Hukumat 10 Iyun 2021 4216

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga joʻnab ketdi.

    Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlari koʻrib chiqiladi.

    Koʻp qirrali sheriklikning yangi “oʻsish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashadi.

    Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonoti, Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

    Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oladigan jami 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, tashrif doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar boʻlgan tijorat shartnomalari va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

    Tashrif dasturidan Dushanbe shahrida madaniy tadbirlarda ishtirok etish, Soʻgʻd viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashish, sanoat obyektlari bilan tanishish ham oʻrin olgan.