“Sherobod agro impeks” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ushbu majmua oʻtgan yili ishga tushirilgan. 29 gektarlik issiqxonada pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Bu yerda 200 nafar mahalliy yoshlar ishlamoqda.
Mahsulot hajmini koʻpaytirish orqali uning tannarxini arzonlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Shu yerda “Sherobod anor impeks” korxonasi ham tashkil etilgan. 5 million dollarlik mazkur loyiha natijasida anorni qadoqlash va qayta ishlash yoʻlga qoʻyilgan. Uskunalar Janubiy Koreya va Sloveniyadan keltirilgan.
Anor boʻlmagan paytda korxona toʻxtab qolmaydi. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini saralab, bozorga chiqaradi.
Korxona 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan taʼminlangan.
Anor mevasi aholi va bogʻdorchilik xoʻjaliklaridan sotib olinadi. Sherobod tumanida bir yilda qariyb 30 ming tonna anor yetishtiriladi. Shundan 8 ming tonnasi eksportga chiqarilmoqda.
Yaqingacha tumanda 2 ming 400 gektar anorzor bor edi. Joriy yilda hosildorligi past boʻlgan 3 ming gektardan ziyod paxta va gʻalla maydonlari oʻrnida fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlar tomonidan anor bogʻlari tashkil etildi. Buning natijasida qoʻshimcha 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Uch yildan keyin bu yangi koʻchatlardan 18 ming tonna hosil olish mumkin. Uning 8 ming tonnasi qayta ishlanishi va 10 ming tonnasi eksport qilinishi rejalashtirilgan.






















