Prezident SHHT sammitiga joʻnab ketdi

    Hukumat 16 Sentabr 2021 3172

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun 16-sentyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga joʻnab ketdi.

    Sammitda tashkilotga aʼzo mamlakatlar, kuzatuvchi maqomidagi va muloqot boʻyicha sherik davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etadi.

    Davlat rahbarlari kengashining majlisida SHHTning oʻtgan 20 yildagi faoliyati hamda Tojikiston raisligining yakunlari koʻrib chiqilib, koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb vazifalari muhokama qilinadi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

    Sammit yakunida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi va boshqa hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan. SHHTga raislik Oʻzbekiston Respublikasiga oʻtishi sammitning muhim voqeasi boʻladi.

    Shuningdek, anjuman doirasida “SHHT - KXSHT” formatidagi uchrashuv oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan.