— Sogʻliqni saqlash tizimida birlamchi tibbiyot boʻgʻinini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlarini aholiga yaqin qilish boʻyicha boshlangan islohotlarni davom ettiramiz.
Jumladan, aholi orasida keng tarqalgan gipertoniya va qandli diabet boʻyicha viloyatda skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Viloyat tibbiyot tarmogʻi loyihalarini amalga oshirish, xususan, Shoʻrchi tumani tibbiyot birlashmasi yangi bino-inshootlarini qurish, Termiz shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasini taʼmirlash uchun maxsus Jamgʻarmadan 50 milliard soʻm ajratiladi.
Birlamchi tibbiyot boʻgʻinida kasallikni aniqlashni koʻpaytirish kerak. Kasalni kutib oʻtirmasdan, uyma-uy yurishni oʻrganish kerak. Har bir bemorga alohida eʼtibor qaratish lozim. Saraton kasalligi uchinchi, toʻrtinchi bosqichda aniqlanyapti. Bu vaqtga kelib ancha kech boʻladi, davolash juda qiyin.
Surxondaryolik qiz onasining dardini oʻz vaqtida aytib chiqdi va uning hayotini saqlab qoldi. Onaning jigarini operatsiya qildik va davoladik. Men kecha oʻsha qizni borib koʻrmoqchi boʻlgandim, vaqt yetmay qoldi. Juda bilimli qiz ekan, agar u boʻlmaganda ayolning jonini saqlab qola olmagan boʻlardik. Kasalni erta aniqlashning foydasi katta. Soha xodimlari shunga eʼtibor berishlari kerak.
Nafaqat Surxondaryoda, balki respublika boʻyicha ayollar oʻrtasida onkologik kasalliklar koʻpayib ketgan. Bu muammoga alohida eʼtibor qaratish shart.
Xalqimiz sogʻlom boʻlishi kerak. Agar odamlarimiz sogʻ boʻlsa, hamma ishni amalga oshira olamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻz navbatida sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov tizimdagi masʼuliyatsizlik haqida gapirib oʻtdi.
— Baʼzi shifokorlarga masʼuliyat yetishmaydi. Masalan, siz prezident sifatida xonadonlarga kirib chiqyapsiz, bemorlar holidan xabar olyapsiz. Yana vazir va vazir oʻrinbosarlari ham har bir kasal boʻyicha aylanmoqda. Lekin oddiygina tuman miqyosidagi sogʻliqni saqlash sohasi amaldori kasalni borib koʻrmaydi, — dedi Inoyatov.









