Bugun ertalab Koʻkdala tumanida Prezident bilan uchrashishni kutib turgan boʻyi-basti, yoshi, sochining va koʻzining rangi turlicha, taqdirlari turfa xil, lekin orzulari bir-biriga juda yaqin boʻlgan bolajonlarni koʻrganimdayoq shu yigʻi boʻgʻzimga tiqildi. Lekin bolalarning kayfiyati zoʻr. “Opa, Prezidentga bunday desam-chi, unday desam-chi” deb maslahat solib oʻtirishibdi.
— Qani aka-ukalaringning ismini aytib ber-chi! – soʻrayman quvgina, qoramagʻizgina, shirin tabassumli bolakaydan.
— Onamning ismi Gulbahor opa, otamning ismi Husan aka. Dilorom opam bor, u 17 yosh. Aziza opam, ular 16 ga kirganlar. Dilmurod, Sherdor, Boboxon, Amal, Eldor, Fotima va Katya, eng kichigi Dadaxon, — deydi bir-biriga gap bermay Sherdor va Eldor.
Bu bolalar turli yillar davomida Qashqadaryodagi mehribonlik uyida yashashgan. Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimovalar mana shu 10 nafar bolani oʻz qaramogʻlariga olishgan va bitta hovlida katta oila boʻlib yashashyapti. Buni yozish va aytish oson.
— Gulbahor opa, oʻzingiz mehribonlik uyida ishlagan ekansiz. Davlat tasarrufidagi bolalar uyi va oilaviy bolalar uyida farq nimada oʻzi? Toʻgaragi, darsi, tartibi aniq boʻlgan oʻsha joyda yashash qulay emasmidi bolalarga deb soʻrayman oʻsmoqchilab.
— Qizim, men 38 yil bolalar uyida ishladim. Davlat uyida bolalarga hamma narsa beriladi, ammo bolalar kelajagiga xalaqit beradigan nimadir bor edi-da. Oʻsha nimadirni axtarardim, topolmasdim. Uyga olib kelganimda tushundimki, bolalar mehribonlik uyida tayyor sharoitga koʻnikkan boʻladi va tashqariga chiqqanda eng oddiy narsalarga uquvi boʻlmaydi. Ular oila muhitida yashaca, odamlarga qoʻshila oladi, doʻkondan tortishib kartoshka-piyoz ololadi, toʻy-maʼrakada birlasha oladi, hayotda dovdirab qolmaydi. Hozir qizlarim bitta oilani eplaydi: Katya chuchvara tugyapti, Aziza non yopyati, hamma bolalar yaxshi oʻqishyapti.
Bugun Prezident 3 ta oila bilan: 10 nafar bolani boqib qolgan Xolliyevlar, 8 nafarni qaramogʻiga olgan Suyunovlar va 5 bolani oʻz farzandlari qatoriga qoʻshgan Toʻrayevlar oilasi bilan uchrashdi. Bolalar Prezidentni koʻriboq koʻzlarida yosh qalqishni boshladi.
— Har bir farzandimiz ota-ona – oila bagʻrida boʻlishi uchun qabul qilgan qarorlarimiz sekin-asta oʻz natijasini beryapti. Butun respublika boʻyicha 16 ta mehribonlik uyidan 10 tasi yopilibdi. Sizlarga oʻxshagan (ota-onalarga qarata) mana shunday bagʻrikeng, ogʻir yukni boʻyniga olgan odamlarimiz koʻp. Davlat bolalar uchun koʻp narsa qilishi mumkin, qiladi ham, lekin farzand tarbiyasini berish, unga mehr berish hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Sizlar oʻzingizga tirik haykal yaratdingiz. Bu oʻzbek maʼnaviyatining haykali, maʼrifat haykali! Sizlarga men mana shu farzandlarimiz nomidan, oʻzim nomimdan, xalqimiz nomidan minnatdorlik bildiraman.
Shavkat Mirziyoyev suhbat davomida mehribonlik uylarini qisqartirib, farzand asrab olish niyatida yurgan oilalarga berish, oilaviy mehribonlik uylarini ochish boʻyicha qaror qabul qilganida koʻpchilik bunga qarshi boʻlganini esladi. Qashqadaryodagi mehribonlik uyi ham yopilib, tashabbuskor ota-onalar tomonidan 10 ta oilaviy mehribonlik uyi tashkil qilingan.
— 21-mehribonlik uyiga birinchi borib, shu qarorga kelganimda koʻpchilik qarshi boʻlgan. Chet eldagi ekspertlar ham bunga ishonmagan. Nima uchun? Chunki ular bizda Sizlarga oʻxshagan fidoyi fuqarolarimiz borligini bilmasdi. Qizlarimning, oʻgʻillarimning koʻziga qarab turibmanki, bu ish toʻgʻri boʻlgan. Koʻpmillatli xalqmiz. Turli millat vakili boʻlsa ham uylaringizga olib kirib, “oʻzimning qizim, oʻzimning oʻgʻlim, oʻzimning kelajagim” deganingiz uchun men sizlarga yana bir marta rahmat demoqchiman. Mana shu bolajonlarning kelajagi koʻrish Sizlarga ham, Xudo xohlasa, menga ham nasib qilsin. Sizlar bolani sevish, uning qadriga yetishda namunasiz, oʻzbek millati barcha millatlarga bagʻrikenglik va bolajonda ibrat ekanini koʻrsatib beryapsiz. Milliy gvardiya xizmati va rahbariyati- men va sizlar oʻrtangizda koʻprik. Butun jamiyatimiz sizlarga yelkadosh boʻlishi kerak. Butun jamiyatimiz bugun koʻzi nurga boʻlgan bolalarimga mehr berishi kerak. Shu narsa aniq, dunyoda har bir ishning ajri bor. Bunday ishlarning ajri cheksiz boʻladi. Ulugʻ ayyom kunlari sizlarga vaʼda beraman, meni va xalqimizning eʼtiboridan chetda qolmaysiz. Axir bolalarimiz – eng katta boyligimiz. Ayrimlar oʻz bolasiga eʼtibor bermaydi, oʻqishiga, yurish-turishiga befarq. Buning qadriga yetib, boshqa odamlarning bolalarini bagʻringizga olganingiz uchun ham Sizlar tarixda qolasizlar, chunki mana shu farzandlar Sizlarning tarixingizni yaratadi, ular siz haqingizda yozadi, dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uyi bolalari qayerda oʻqishni istasa, bepul oʻqitilishini, majud qarorga oʻzgartirish kiritilib, bolalarni asrab olgan oilaning oʻz farzandlari uchun ham imtiyoz berilishini aytdi. Prezidentning bolajonlarga atalgan gaplari juda taʼsirli edi.
— Koʻnglingiz oʻksimasin, taqdir sizga hozir sinov berdi. Lekin kelajakda sizlarni koʻp yaxshiliklar kutib turibdi, tengdoshlaringizga oʻrnak boʻladigan insonlarga aylanasiz. Men bunga ishonaman. Sizlar ikki karra koʻp mehr olasiz. Bu mehr sizlarga baxt olib kelsin, calomatlik olib kelsin. Men sizlarning baxtingiz, cogʻligʻingiz haqida eshitib yuray, har safar Qashqadaryoga kelganda uchrashish nasib qilsin.
Boʻgʻzimga tiqilgan yigʻidan uyalib turganimda koʻrdimki, menga aka-ukalarini sanab bergan Sherdor prezidentdan sovgʻa olayotib, rahmatini aytayotganda titrab ketib, yigʻlab gapirdi va hammani yigʻlatdi. Yigʻlaganini berkitib burun tortish uyat boʻlmadi. Prezidentning oldida hamma baravar yigʻlaganini men birinchi marta koʻrdim.
Davlat rahbari va uning atrofidagi arkoni davlat keyingi manzilga vertolyotda uchib ketgach, yana hammamiz bolalar bilan gaplashishga urindik. Bolalarning qoʻlida telefon, planshet-ogʻzida yoʻq xursand.
Aslida koʻpchilikning oʻz biologik otasi yoki onasi hayot, biri bolasidan xabar oladi, biri esa yoʻq. Ertalabdan beri kuzatganim- bir qizning tarixini oʻqigandim. U intervyu berayotganda ham, rasmga olishayotganda ham hech kulmagandi. Boʻyi yetib qolgan bu qizning oʻz ota-onasi vafot etgan. U Prezident bilan uchrashuvdan keyin KULDI. Kulimsirab yurdi.
— 3 ta hayotim bor meni, — dedi yana bir qiz — Shahnoza. — Biri oʻzim tugʻilgan joy (uni sogʻingim kelmaydi), keyin detdomimizdagi hayot va endi oiladagi hayotimiz. Menga hozirgi hayotim koʻproq yoqadi.
— Prezident ayfon telefonlar sovgʻa qilibdi-da. Toʻylaringizni videoga olib tashanglar menga ham, dedim hazillashib opa-singillarga.
— Voy hali vaqtliku! Lekin-chi, meni toʻrtta bolam boʻlishini istayman, ularni tashlab ketmayman, dedi va jim turib, meni mahkam quchoqlab oldi Mohinur...
20-30 soniya bir-birimizni mahkam quchoqlagancha yigʻlashib turdik...