Prezident: Sizning gʻalabangiz bizga juda katta kuch-qudrat berdi

    Hukumat 10 Sentabr 2021 1761

    Ayni paytda Tokioda oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan marosim davom etmoqda.

    Prezidentimiz Paralimpiya oʻyinlarida sportchilarimiz qoʻlga kiritgan yuksak natijalarga alohida toʻxtalib, ularni muborakbod etdi.

    Nufuzli oʻyinlarda mahoratli dzyudochimiz Uchqun Quronboyev terma jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etdi. Yana bir polvonimiz Boburjon Omonov esa yadro uloqtirish boʻyicha oltin medalga sazovor boʻlish bilan birga, Paralimpiya rekordini ham yangiladi. Taʼkidlash kerakki, bu boradagi yangi jahon rekordini ham aynan Boburjon oʻrnatgan edi.

    Jasoratli yengil atletikachilarimiz Nozimaxon Qayumova, Mohigul Hamdamova, Sofiya Burhonova, raqiblari orasida eng yosh boʻlgan taekvondochi Guljonoy Naimova oltin medallarni qoʻlga kiritib, barchamizga cheksiz xursandchilik bagʻishladi.

    Davlatimiz rahbari Guljanoyga yuzlanib, uning janglarini kuzatganini taʼkidladi.

    – Sizning janglaringizni oʻzim kuzatdim. Ochigʻi, soʻnggi jangingizni oxirigacha koʻrolmadim, yutqazib qoʻymasin degan kuchli hayajon bor edi. Hayriyat, murosasiz kurashda gʻalaba qozonib, barchamizni quvontirdingiz. Sizning gʻalabangiz bizga juda katta kuch-qudrat berdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Musobaqalarda dzyudochimiz Feruz Saidov, yadro uloqtirish boʻyicha sport ustasi Husniddin Norbekov ham oltin medallarga sazovor boʻldi.

    Husniddin bu yutugʻi bilan ikki karra Paralimpiya oʻyinlari chempioni degan sharafli nomga sazovor boʻlgani alohida taʼkidlandi.

    Ana shu chempionlarimiz qatorida Asila Mirzayorova, Roza Qoʻziyeva, Parvina Samandarova, Dovurxon Karomatov, Nurxon Qurbonova, Islom Aslanov, Elbek Sultonov, Nafisa Sheripboyeva, Sharif Xalilov, Shohsanam Toshpoʻlatova singari jami 11 nafar sportchimiz kumush va bronza medallariga sazovor boʻlib, mamlakatimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

    Prezidentimiz bunday beqiyos yutuqlarga erishishda chinakam fidoyilik koʻrsatgan Alfiya Ibragimova, Bobur Qoʻziyev, Sardor Abduxoliqov, Azizjon Normatov, Shamsiddin Saidov, Mavlonbek Haydarov, Grigoriy Kamulya kabi tajribali murabbiylarning mehnatlarini alohida eʼtirof etdi.