"Prezident sovgʻalari" Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga taqdim etiladi.
Fargʻona viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, viloyat boʻyicha jami 3 dan 15 yoshgacha boʻlgan 800 nafar bolaga moʻljallangan “Prezident sovgʻalari” tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yoʻllangan Yangi yil bayrami tabrigi, 14 turdagi shirinliklar, 3 turdagi oʻquv qurollari, elektron kitob, termos va shaxmat jihozlari kiritilgan.
Shuningdek, joriy yilda mazkur sovgʻalar tarkibiga Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta boʻlgan tarbiyalanuvchilari uchun zamonaviy elektron kitoblar ham kiritildi.
“Prezident sovgʻalari” Yangi yil arafasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qurbon boʻlgan bolalar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga tantanali tarzda topshiriladi.