15-may kuni Prezident topshirigʻiga muvofiq ushbu shifoxonada davolanayotgan bolalarga shaxmat doskalari sovgʻa qilindi, soha mutaxassislari bemor bolalar shaxmat oʻynashdi hamda oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.

Bemor bolalar hamda ularning ota-onalari bundan behad quvonib, oʻzlarining qiziqishlari va orzulari bilan boʻlishishdi.

Prezident bilan uchrashuv chogʻida shaxmatga qiziqishi haqida aytgan Saidjon Salimjonov Fargʻona shahridagi 28-maktabning 3-“A” sinfi oʻquvchisi boʻlib, darslardan keyin shaxmat bilan shugʻullangan va professional shaxmat haqida orzu qilgan.

“Oʻgʻlim kichik yoshligidan shaxmatga qiziqqan, oʻyinchoqlarini terib qoʻyib, shaxmat oʻynamoqchi boʻlardi. Uning bu qiziqishlarini koʻrib, dadasi shaxmat taxtasini olib kelgan. 5 yoshdan oshganida Fargʻona shahridagi shaxmat toʻgaragiga olib borib, isteʼdodli murabbiy Adhamjon Eminovga shogirdlikka berdik. Keyinroq Fargʻonada Toshkent shaxmat akademiyasi filiali ochildi, ayni damda Saidjon oʻz yosh toifasida shu akademiya oʻquvchisi hisoblanadi, murabbiy Ravil Vinerovich unga ustozlik qilmoqda. Qator shahar va viloyat darajasidagi musobaqalarda ishtirok etdi, oʻtgan yili oʻtkazilgan shaxmat musobaqasida ishtirok etib, shahar bosqichida ham, viloyat bosqichida ham 1-oʻrinni egalladi va respublika bosqichiga yoʻl oldi. Biroq kutilmaganda tobi qochib, shifoxonaga tushib qoldi, unga jigar xavfli oʻsmasi tashxisi qoʻyildi va shu sabab musobaqaga bora olmadi”, - dedi Saidjonning onasi Maxliyo Ziyoyeva.

Shu oʻrinda Maxliyo Ziyoyeva shifokorlarga minnatdorchilik bildirib, oʻgʻlining operatsiyalari muvaffaqiyatli oʻtgani va hozir operatsiyadan keyingi davolanish muolajalari olinayotganini maʼlum qildi.

“Kecha hurmatli yurtboshimiz shifoxonaga tashrif buyurdilar, bu yerdagi barcha bolalar va onalarning qalblariga umid va quvonch olib keldilar. Saidjon ham kechadan beri «Oyi, shaxmat haqidagi orzularim amalga oshyapti” deb behad xursand, kasalligini ham unutib qoʻydi. Mana bugun bizga Prezidentimiz nomidan professional shaxmat doskasini sovgʻa qilishdi, shaxmat boʻyicha murabbiy biriktirishdi oʻgʻlimga, professional shaxmat doskasidan tashqari, shaxmat boʻyicha barcha dasturlar jamlangan kompyuter ham sovgʻa qilishlarini eshitib, boshimiz koʻkka yetdi. Yurtdoshimizga bunday sharoitlar hamda eʼtibor uchun mingdan ming rahmat. Nasib etsa, farzandim oʻzining sevimli mashgʻuloti shaxmat bilan shugʻullanishni davom ettiradi hamda Osiyo va Jahon chempionatlarida ishtirok etib, Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtaradi», - deya qoʻshimcha qildi Saidjonning onasi koʻzlariga yosh olib.

Markazda davolanayotganlar orasida shaxmatga qiziqadigan bolalar koʻpchilikni tashkil qilar ekan. Shulardan yana biri Jizzax viloyatidan kelgan - Jasurbek Abdugʻaniyev boʻlib, u ham qiziqishi va orzulari bilan oʻrtoqlashdi.

“Shaxmat toʻgaragiga Jizzaxdagi sinfdoshim bilan borganman, oʻsha vaqtdan boshlab qiziqishim ortgan. Tuzalib ketsam, shaxmat bilan shugʻullanishni davom ettirib, yaxshi oʻqib, yaxshi ishga joylashib, ota-onamga yordam berib uy olish orzuyim bor”, - deydi u.

Ozoda Eshmirzayevaning maʼlum qilishicha, oʻgʻli Jasurbek shaxmatga 1 yildan ortiq vaqt davomida shaxmat toʻgaragiga qatnashgan.

“Men futbolga qiziqaman, Ispaniyaning «Barselona” klubi oʻyinlarini sevib tomosha qilaman. Katta boʻlsam, ichki ishlar xodimi boʻlishni, militsiya formasini kiyishni orzu qilaman», - deydi yana bir bemor – buxorolik Ozodbek Fayziyev.

Buxoroning Olot tumanidan kelib, markazda davolanayotgan Temurbek Botirov esa doʻstlari bilan sport maydonlariga borishi, u yerda turli jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishini aytdi.

“Kompyuterda dasturlashtirishga ham juda qiziqaman. Bundan tashqari, turli predmetlardan konstruksiyalar yasashni yaxshi koʻraman. Ulgʻayganimda nasib etsa, arxitektor boʻlmoqchiman”, - qoʻshimcha qildi u.

Xulosa qilib aytganda, shifoxonadagi bolalarning qiziqishlari va orzulari bir olam. Bemor bolalarning ota-onalarining taʼkidlashicha, davlat rahbarining tashrifidan keyin farzandlarining ertangi kunga boʻlgan umid va ishonchlari yana-da kuchaygan.