Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda. Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa oʻtkir tus olmoqda.
«Oʻzbekiston bu borada oʻz strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash boʻyicha katta loyihalarni boshlagan.
Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.
Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. Oʻylaymanki, qoʻshnilarimiz ham bu tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaydi», — dedi Prezident.