Prezident ta'lim muassasalari agentligi: jahon tendensiyalariga bo'ylashib

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan “Yangi O'zbekiston ta'limi: islohotlar yo'lida muvafaqqiyatli hamkorlik” xalqaro ta'lim forumi tashkil etilmoqda.

    Unda dunyoning Evropa, Amerika, Osiyo qit'alaridan ta'lim sohasining 100 dan ortiq etuk mutaxassislari, xorijiy davlat elchixonalari, nufuzli xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari hamda xalqaro oliy ta'lim muassasalari reytingini baholovchi Times Higher Education tashkiloti va Amerika Qo'shma shtatlaridan Massachucets texnologiya instituti, Germaniyadan Myunxen Texnika Universiteti, Germaniyadan TUM International tashkiloti, Buyuk Britaniyaning Kembridj hamda Nottingem universitetlari ishtirok etishi kutilmoqda.

    Mazkur forumdan ko'zlangan maqsad xorijiy davlatlar vakillarini O'zbekistondagi ta'lim islohotlari bilan tanishtirish, zamonaviy ta'lim tizimini rivojlantirish bo'yicha o'zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o'zaro tajriba almashishdan iborat.

    Forum doirasida ta'lim tizimini yanada isloh etish hamda innovasion echimlarni joriy etish mavzusida sessiyalar, davra suhbatlari hamda taqdimotlar bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.
    Joriy yilning 16 noyabridan e'tiboran forum doirasidagi tadbirlar haftaligiga start berildi. Bunda O'zbekistonga taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ishtirokida taqdimotlar, seminar-treninglar va uchrashuvlar bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.

    Forum Xalqaro Anjumanlar saroyida 24-25 noyabr` kunlari bo'lib o'tadi.