Prezident “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi

    Hukumat 15 Aprel 2021 6176

    Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur iqtisodiy zona mavjud xomashyo va infratuzilmadan samarali foydalanib, qishloq joylarda sanoatni rivojlantirish, ish o‘rinlari ochishda muhim o‘rin tutmoqda.

    Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollarlikdan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. 313 million dollarlik 55 ta loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish boshlangan, ularda 4 ming 328 ta kishi mehnat qilmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan gaz plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi buyumlari kabi 220 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. 2020-yilda 1,2 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik eksport qilingan.

    Davlatimiz rahbari iqtisodiy zona hududidagi “Kamalak Tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Urgut tumanining Mergancha massivida joylashgan ushbu shirkatda gilam va tafting, kovrolan mahsulotlari, sintetik ip va sun’iy chim ishlab chiqarilmoqda.

    Korxonaga Belgiya, Shveysariya, Avstriya, Fransiya va Germaniya davlatlarining zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlari o‘rnatilgan. 328 ta ish o‘rni yaratilgan.

    O‘tgan yili bu yerda tayyorlangan 170 milliard so‘mlik mahsulotning 59 foizi ichki bozorga, 41 foizi xorijga sotilgan. Joriy yilda 7,5 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

    Mahalliylashtirishni kengaytirish, boshqa tumanlarda ham shunday korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

    Prezident “Sam elektro servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.

    Korxona “Ideal” brendi ostida yiliga 260 ming dona elektr duxovka, 150 ming dona gaz plitalari va ular uchun qo‘shimcha buyumlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Unga Germaniya, Turkiya va Xitoydan zamonaviy, energiya tejovchi uskuna va jihozlar keltirib o‘rnatilgan.

    2020-yilda umumiy qiymati 58 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, uning 32 foizi xorijga eksport qilingan. Joriy yilda 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish ko‘zda tutilgan.

    Mahsulot turlarini kengaytirish, zamonaviy elektr texnikalari ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

    “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ayni paytda qiymati 90 million dollarlik 29 ta loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyihalar ishga tushirilishi natijasida yana 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

    Bundan tashqari, qiymati 144 million dollarlik 21 ta qo‘shimcha loyiha shakllantirilgan, qiymati 206 million dollarlik 33 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

    Davlatimiz rahbari iqtisodiy zona imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi va istiqbolli loyihalarni ko‘paytirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

    Shu yerda samarqandlik nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.