Oʻzbekiston Prezidenti islohotlarning borishi va istiqbollarini muhokama qildi

    Hukumat 22 Noyabr 2024 2135

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini joriy yilgi davlat dasturi doirasida amalga oshirishning holati hamda kelgusi yilda islohotlarni yanada ilgari surish istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Davlat boshqaruvida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni doirasidagi keyingi qadamlar muhokama qilindi. Milliy qonunchilikni JST qoidalari va talablari bilan uygʻunlashtirishni jadallashtirish, shuningdek, mamlakatning global reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

    Prezidentimiz rejalashtirilgan barcha loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, strategik islohotlar kun tartibini yangi tashabbuslar bilan, ayniqsa mamlakatimizda eʼlon qilingan Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil« iqtisodiyot yilidagi vazifalarni hisobga olib yanada boyitish muhimligini taʼkidladi.