O‘zbekiston Prezidenti Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

    Hukumat 2 May 2024 1713

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Maksim Oreshkinni qabul qildi.

    Uchrashuv avvalida Maksim Oreshkin davlatimiz rahbariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda forumning muvaffaqiyatli natijalari bilan tabrikladi.

    O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirish doirasida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Tovar ayirboshlash barqaror sur’at bilan o‘sayotgani, sanoat, energetika, transport, metallurgiya, kimyo va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Joriy yil 22-24-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tgan navbatdagi “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi yakunlari yuksak baholandi.

    Yuqori texnologiyalar, ta’lim, sport, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash borasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.