O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda faxriy mehmon – Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdilar.
Faxriy nishon 2021-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvida ta’sis etilgan bo‘lib, u bilan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida hissa qo‘shgan shaxslar mukofotlanadi.
So‘ng yetakchilar “Ko‘hi Borbad” saroyida mamlakatlarimiz san’at ustalari ishtirokidagi “Do‘stlik oqshomi” konsert dasturini birgalikda tomosha qildilar.
Folklor-etnografik jamoalar va estrada artistlarining chiqishlari, milliy qo‘shiq va raqslar xalqlarimiz qardoshligi va madaniy mushtarakligining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tadbirlar dasturi “EKSPO Markaziy Osiyo 2023” ko‘rgazmasiga tashrif bilan davom etdi. U yerda Prezidentlarga mintaqada ishlab chiqarilayotgan asosiy turdagi mahsulotlar namoyish etildi.
«Made in Uzbekistan» bo‘limida yurtimiz zargarlik, to‘qimachilik, charm-poyabzal, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va turizm tarmoqlari salohiyati aks etgan.
Ko‘rgazmadan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston mahsulotlari ham joy olgan. Ekspozitsiyaning umumiy maydoni 1800 kvadrat metrdan ortiq.
Tanishuv yakunida davlat rahbarlari mutasaddilarga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdilar.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi konsert, Xotin-qizlar muloqoti uchrashuvi, iqtisodiy forum, mahsulotlar ko‘rgazmasi, transport vazirlari uchrashuvi, rektor va olimlar forumi hamda shu kunlarda Dushanbeda o‘tayotgan boshqa madaniy-gumanitar tadbirlar Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan sammit sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.