Prezident va ijod maktablari rahbariyati va oʻqituvchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib taʼlim muassasalarini takomillashtirish boʻyicha rejalarni ishlab chiqdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) tomonidan davlat rahbari belgilab bergan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida 6-7-noyabr kunlari Prezident maktablari direktorlari va 9-10-noyabr kunlari ijod maktablari rahbariyati uchun seminarlar tashkil etiladi.
Prezident maktablari direktorlari uchun tashkil etilgan seminar davomida ishtirokchilar oxirgi yilda taʼlim muassasalari faoliyati, ularda oʻquv va tarbiya jarayonlarini takomillashtirish masalalari muhokama etiladi.
Jumladan, ishtirokchilar yoshlarning STEAM fanlarini oʻrganishi, isteʼdodli yoshlarni fan olimpiadalarga tayyorlash, xorijiy oʻqituvchilar ishtirokida mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish masalalarini ham koʻrib chiqadi.
Shu bilan birga Xalq taʼlimi vazirligi va PIIMA tizimiga kiruvchi taʼlim muassasalari pedagoglari oʻrtasida tajriba va metodologiyalar almashinuvini taʼminlash uchun hamkorlik masalalari ham muhokama etiladi.
Prezident maktablari iqtidorli yoshlarni tanlab olishning, ularning bilim olish va tarbiyalashga qaratilgan yaxlit bir tizimiga aylanishi lozim. Maktablar oʻquvchilarda keng fikrlash va oʻzlashtirgan bilimlarini samarali foydalanish koʻnikmalarini rivojlantirishlari lozim.
Ijod maktablarining rahbarlari, oʻz oʻrnida, PIIMA rahbariyati va mehmonlarga oʻzlari rahbarlik qilayotgan taʼlim muassasalarni taqdim qiladi.
Seminar ishtirokchilari ijod maktablarida taʼlim dasturlarini takomillashtirish hamda maxsus oʻquv metodologiya va uslublarini yaratish masalalarini koʻrib chiqadi. Seminarda oʻqituvchilarning malakasini oshirish va oʻquvchilarning oʻz isteʼdodlarini namoyish etishlari uchun kerakli sharoit yaratish masalalariga ham alohida urgʻu beriladi.
— Prezidentimiz videoselektor yigʻilishida bizning oldimizga mamlakatimizda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha vazifalar berdi. Mazkur seminarlar yordamida biz maktab direktorlari bilan taʼlim muassasasi faoliyatidagi kamchiliklar, oʻqituvchilarni saralab olish va ularni qayta tayyorlash, eng asosiysi esa xorij tajribasidan keng foydalangan holda zamonaviy darsliklar ishlab chiqish masalalarini muhokama etmoqchimiz, — deya qayd etdi PIIMA direktori Hilola Umarova.
Seminarlar natijasiga koʻra Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi maktablar faoliyatini takomillashtirish va taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.
Taʼkidlash lozimki, hozirgi kunda PIIMA tizimida 4 ta Prezident, 9 ta ijod va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda 3397 nafar oʻquvchilarga yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan bilim berilmoqda.