Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 840-son qarori bilan magistratura mutaxassisligi hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga oʻzgartirishlar kiritildi.

Prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning axborot texnologiyalari, Oʻzbekiston tarixi, xorijiy tillar boʻyicha bilim hamda koʻnikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligida (hududlar boʻyicha) maxsus test sinovlarini topshirishlari belgilandi.

Bunda:

  • test sinovlari boʻyicha oʻtish ballining quyi chegarasi toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizi hisoblanadi;
  • toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 55 foizidan past ball toʻplagan, shuningdek, test sinovlariga qatnashmagan talabgorlar Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilmaydi;
  • baholash natijalaridan norozi boʻlgan talabgorlarni shikoyatlarini koʻrib chiqish boʻyicha 5 nafardan kam boʻlmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi;
  • Prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning (magistratura mutaxassisliklari va bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha) hujjatlari va erishgan natijalari mazkur qaror bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanadi;
  • talabgorlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “HEMIS” axborot tizimi orqali shakllantiriladi.

Shuningdek, nomli davlat stipendiyalari sovrindori boʻlgan talabalarga muayyan taʼlim bosqichida nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida qayta ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

Vazirlikning xabar berishicha, mazkur qaror bilan Prezident va nomli davlat stipendiyalarini tayinlashning yangi tartibi joriy etilgan boʻlib, ushbu tartib 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab belgilangan talab va baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.

Joriy oʻquv yili uchun nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining oliy taʼlim muassasasi bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtib, hujjatlari belgilangan tartibda respublika bosqichiga yuborilgan talabalarga nisbatan maxsus test sinovlari oʻtkazilmaydi.