Prezident viloyat boʻyicha asosiy vazifalarni belgilab berdi

    Jizzaxda tomorqalarni ishga solish boʻyicha 309 ta mahallaga lider tadbirkor – eksportchilar biriktirilishi belgilandi.

    Lider tadbirkor – eksportchi uchun har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib tomorqada 50 million soʻm daromad qiladigan moliyaviy xizmat paketi ishlab chiqiladi.

    Bu borada banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3-yil muddatga 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratadi, byudjet hisobidan agronom jalb qilish, oʻqitish, mahallada yigʻish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard soʻmgacha grantlar beradi, xonadonlarga Oilaviy tadbirkorlik dasturidan 33 million soʻmdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million soʻmdan kredit ajratadi.

    Kam hosil berayotgan yerlar 50-100 gektardan yirik lot shaklida, qolgani 1-5 gektardan lotlarga boʻlinib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.

    Yirik maydonda mahsulot ekadiganlar qolgan kichik maydon egalarini ham shu yoʻnalishga tortadi.

    Shular hisobiga viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmi ikki yilda 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqilishi reja qilingan. Bu mos ravishda qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin boʻladi.