Chuqur ixtisoslashgan mahallada turmush farovonligi ancha yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar ham 2 karra kam.
Bugungi kunda 903 ta “ogʻir” mahallada 100 ming gektar tomorqa va ijara yerlari bor. Agar hokimlar “yettilik” bilan suv taʼminotini yaxshilab, urugʻ-koʻchat yetkazib, ixtisoslashuvni tizimli yoʻlga qoʻysa, u yerdagi odamlarni daromadida, turmush sharoitida keskin oʻzgarish qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Masalan, Nishon tumanidagi Oqoltin mahallasiga nasosda suv chiqarilgani uchun 25-yil tomorqasiga ekin ekmagan 280 ta xonadon 50-60 million soʻm daromad olishni boshladi. Buni uddalagan mahalla aholisi bugun ichki yoʻllar holatini yaxshilashni soʻrayapti. Davlatimiz rahbari ertagayoq bunga 1,5 milliard soʻm ajratishni topshirdi.
«Marhamat, yana qaysi mahalla raisi oʻzi bosh boʻlib, aholi koʻnikmasiga qarab, hududni ixtisoslashtirsa, xonadonlarning daromadini 3-4 karra oshirsa, yoʻl, suv, sugʻorish tarmogʻini yaxshilash uchun yana 2 milliard soʻmdan ajratishga tayyorman.
Bu davlat va mahalla oʻrtasida yangi, oʻziga xos “ijtimoiy shartnoma” tizimi boʻladi», – dedi Prezidentimiz.