Prezident xorazmlik mirishkorlar bilan uchrashdi

    Hukumat 31 Mart 2023 4500

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangibozor tumanidagi “Xorazm faxri” urug‘chilik klasteri dalasida bo‘ldi.

    Bu klasterning umumiy yer maydoni 286 gektar. Shundan 147 gektarida g‘alla, 122 gektarida paxta yetishtirilmoqda. 45 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

    Davlatimiz rahbari ekinlar rivojini ko‘zdan kechirdi. G‘alla va g‘o‘zaning navi, mevali daraxtlar hosildorligi bilan qiziqdi.

    Ma’lumki, Xorazm suv taqchil hudud sanaladi. Shuning uchun dehqonchilikda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga harakat qilinmoqda. G‘alla maydonining bir qismida yomg‘irlatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Olma ko‘chatlari qadalgan yangi bog‘ oralariga esa sabzi, piyoz, sholg‘om kabi qishloq xo‘jaligi ekinlar ekish yo‘lga qo‘yilgan.

    Prezident bunday omilkorlikni boshqalarga ham o‘rgatish kerakligini ta’kidladi.

    Mamlakatimizda g‘alladan bo‘shagan maydonlar takroriy ekin ekish uchun ishsiz aholiga bo‘lib berilmoqda. “Xorazm faxri” urug‘chilik klasterida ham 80 nafar aholiga 30 sotixdan sabzavot ekish uchun yer berilgan. Bu yil yana 26 nafar kishiga yer ajratilishi ko‘zda tutilgan.

    Prezident shu yerda qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari vakillari bilan suhbatlashdi. Xorazmning tuprog‘iga mos ekinlar yetishtirish, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish muhimligi qayd etildi.

    Shuning bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.