Prezident yosh dasturchilar bilan suhbatlashdi

    Hukumat 21 Yanvar 2021 4972

    Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahridagi davlat xizmatlari markazi va IT Park ni borib koʻrdi.

    Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida 130 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Binoda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi, Xalq qabulxonasi, Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxona, FHDYO boʻlimi, notarial idora ham joylashgani aholiga qulaylik yaratgan. Kutish zalida kitoblar jovoni tashkil etilgan.

    Davlatimiz rahbari xizmatlar narxini arzonlashtirish, uzoq mahallalar aholisiga sayyor va onlayn xizmat koʻrsatish boʻyicha topshiriqlar berdi.

    Shu yerda Korxonalarni sogʻlomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ham ochilgan. Moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, axborot xizmatlari koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.

    Binoning ikkinchi qavatida IT Park ning Buxoro filiali joylashgan. Bu yerda ham oʻquvchilar, ham talabalar, ham frilanser va dasturchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bolalar maktab davridan oʻyinlar orqali axborot texnologiyalariga qiziqtiriladi, keyin oʻqitilib, loyihalar ishlab chiqishga oʻrgatiladi. Bu yerda yosh havaskorlar, robototexniklar, veb dizaynerlar, professional dasturchilar yigʻilgan.

    Prezidentimiz buxorolik yoshlarning salohiyatini yuksak baholab, bu soha mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda muhim ekanini taʼkidladi.

    – Buxoro azaldan ilm-fan markazi boʻlgan. Bugun ham bilimli, intiluvchan yoshlar koʻp. Buxoroning IT sohasi boʻyicha brendini yaratish kerak. Buning uchun barcha narsa – sharoit, resurs, intellekt bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezidentimiz “Mandey LABS” korxonasiga asos solgan 25 yoshli Saidravshan Shokirov, xalqaro IT kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlayotgan dasturchi Shahrullo Tuxsanov va boshqa yoshlar bilan suhbatlashdi.

    Dolzarb iqtisodiy-ijtimoiy masalalar boʻyicha yosh dasturchilarga buyurtma berish, mablagʻ, energiya resurslari va vaqtni tejovchi dasturiy mahsulotlar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Davlatimiz rahbari IT Park dagi yoshlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

    IT Park uchun Bukhara City majmuasida 9 va 12 qavatli zamonaviy binolar qurilmoqda. Majmuada kovorking markazi, ofislar, mehmonxona, restoran va sport zallari boʻladi. U yerda 700 dan ziyod ish oʻrni yaratiladi.