Prezident Yoshlar va talabalar forumida ishtirok etdi

    Hukumat 30 Iyun 2021 9364

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumiga tashrif buyurdi.

    Forum o‘tayotgan Botanika bog‘i bayramona bezatilgan. Yoshlarning ilm-fan, texnologiyalar, adabiyot, san’at kabi sohalarda erishayotgan natijalarini aks ettiruvchi ko‘rgazma va namoyishlar tashkil qilingan.

    Davlatimiz rahbari ushbu ko‘rgazmalar bo‘ylab yurib, yoshlarning ixtirolari, mahorati, badiiy chiqishlarini ko‘zdan kechirdi. Ular bilan suhbatlashib, o‘qish va izlanishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.

    Prezident bayram tadbiri maydoniga kelib, barcha yigit-qizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan tabrikladi.

    Mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada alohida davlat tashkiloti – Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgan. Bundan tashqari, Yoshlar ittifoqi, uning huzurida o‘ttizdan ortiq nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Barcha shahar va tumanlarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi, turli sohalarni qamrab olgan “Besh tashabbus” amalga oshirilmoqda.

    Joriy yil mamlakatimizda Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e’lon qilingani ham yoshlarga e’tiborning yorqin ifodasi.

    Prezidentimizning yoshlarga oid siyosatida ikkita eng muhim yo‘nalish bor: birinchisi – ularga zamonaviy bilim berish, ikkinchisi – yoshlar bandligini ta’minlash. Keyingi yillardagi islohotlar, tashabbus va yangi tizimlar zamirida ana shu maqsad mujassam.

    Xususan, yoshlarning bilim va iqtidorini rivojlantirish maqsadida yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Umuman, barcha maktablarga e’tibor, o‘qituvchilarga rag‘bat va hurmat oshdi. Yosh avlodda bilimga intilish kuchaydi.

    O‘tgan bir yilda bilimli va zukko yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar o‘quvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida o‘qishga kirdi.

    O‘sib kelayotgan bilimga chanqoq yoshlarning talabiga mos ravishda oliy ta’lim muassasalari soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy universitetlarning filiallari ochildi. Oxirgi 5 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 mingtaga yetkazildi. Bu – umumiy qamrov 28 foiz bo‘ladi, deganidir. 4 yil ilgari bu ko‘rsatkich atigi 9 foiz edi.

    Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani minglab oilalarga quvonch olib kirdi.

    Bu yil yana bir oliy ta’lim maskani – “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etildi. Yangi o‘quv yilida unga 300 nafar yoshlar qabul qilinadi.

    Bandlik masalasini olsak ham, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik asosiy o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. So‘nggi 4 yilda 30 yoshgacha bo‘lgan tadbirkorlar soni 5 barobar ko‘payib, ular 500 mingdan oshgani buning yaqqol dalilidir.

    Amaliy ishlar natijasida o‘tgan 8 oy mobaynida “yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Jumladan, “temir daftar”dagi oilalar farzandlari bo‘lgan 2 mingdan ziyod talabalarning kontrakt puli to‘lab berildi.

    Bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan to‘liq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar o‘quvchilariga korxonalarda amaliyot o‘tagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming so‘mdan subsidiya berish joriy etilgani yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta rag‘bat bo‘ldi.

    Bu yil 92 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Hududlarda tashkil etilgan 186 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi 3 mingta loyiha doirasida 50 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.