Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Muhiddin Ibrohimovning maʼlum qilishicha, maketlar orqali qurilmaning tuzilishi, foydali yuklamasi va orbitadagi koʻrinishi koʻrsatib berilgan.
Rejaga koʻra, 2028-yilda 6U formatidagi “Mirzo Ulugʻbek” nomli ilmiy sunʼiy yoʻldosh koinotga uchiriladi. Ushbu qurilma ustida hozirda Yaponiyaning Kyusyu texnologiya universitetida tahsil olayotgan yetti nafar oʻzbekistonlik talaba ish olib bormoqda.
Shuningdek, tadbirda boʻlajak kosmonavtni tanlash bosqichlari haqida ham maʼlumot berildi. Kosmonavtlikka nomzodlar uchun sogʻliq holati, fiziologik koʻrsatkichlar, taʼlim darajasi va xorijiy tillarni bilish boʻyicha yuqori talablar belgilangan. Bu borada umummilliy tanlov oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlib, unda ham talabalar, ham soha mutaxassislari ishtirok etishi mumkin.
Ushbu tashabbuslar Yangi Oʻzbekiston tarixida muhim iz qoldirishi va kosmik tadqiqotlar yoʻnalishida yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.